Davosi deyarli yo‘q saratonga qarshi yangi umid paydo bo‘ldi

Davolash eng qiyin hisoblangan o‘pka saratoni turlaridan biriga qarshi yangi usul ishlab chiqildi. Rossiyaning RUDN universiteti olimlari xitoylik hamkasblari bilan hamkorlikda olib borgan tadqiqot natijalari ushbu kasallikni davolash samaradorligini oshirish imkonini ko‘rsatdi.
Mutaxassislar o‘pka adenokarsinomasi — o‘pka saratonining eng ko‘p uchraydigan turini o‘rganishdi. Ayrim bemorlarda kuzatiladigan genetik mutatsiyalar mavjud davolash usullarining ta’sirini sezilarli darajada kamaytirishi sababli, olimlar yangi yondashuvni sinovdan o‘tkazdi.
Tadqiqot doirasida gadron terapiyasi PCSK9 fermentini bloklovchi preparatlar bilan birlashtirildi. Laboratoriya sharoitida o‘zgartirilgan saraton hujayralarida o‘tkazilgan tajribalar ushbu kombinatsiya standart davolash usullariga nisbatan xavfli hujayralarni samaraliroq yo‘q qilishini ko‘rsatdi.
Olimlarning ta’kidlashicha, gadron terapiyasi yuqori aniqlikka ega bo‘lib, asosan saraton hujayralarini nishonga oladi va sog‘lom to‘qimalarga ta’sirni minimal darajaga tushiradi. Bu esa davolashning xavfsizligi va samaradorligini oshirishga xizmat qilishi mumkin.
Loyihada ishtirok etgan tadqiqotchilarning fikricha, PCSK9 ingibitorlari nurlanish terapiyasining ta’sirini kuchaytirishi mumkin. Hozirda ushbu usul hayvonlarda sinovdan o‘tkazilmoqda. Keyingi bosqichda olimlar uning tirik organizmdagi immun tizimiga ta’sirini chuqur o‘rganishni rejalashtirmoqda.
Mutaxassislar qayd etishicha, ushbu natijalar umidbaxsh bo‘lsa-da, usul hali klinik amaliyotga joriy etilmagan. Yangi terapiyaning insonlarda xavfsizligi va samaradorligini tasdiqlash uchun qo‘shimcha tadqiqotlar hamda klinik sinovlar o‘tkazilishi lozim.






























Izohlar 0
…