Yirik bizon mashinaga tashlandi: dahshatli holat videoga tushdi

AQSHning mashhur Yelloustoun milliy bog‘ida sayyohlar guvoh bo‘lgan xavfli voqea ijtimoiy tarmoqlarda katta muhokamaga sabab bo‘ldi. Ulkan bizon yo‘lda harakatlanayotgan avtomashinaga kutilmaganda hujum qilib, uni qattiq zarba bilan urib yubordi. Hodisa oqibatida avtomobilning shinalaridan biri yorilib ketgan.
Mazkur voqea videotasvirga muhrlanib, TikTok foydalanuvchisi Tonya Names tomonidan chorshanba kuni e’lon qilindi. U videoga yozgan izohida, oldinda sekin harakatlanayotgan SUV avtomobiliga yaqinlashishdan avval mashina oynasini yopmoqchi bo‘lganini, aynan shu paytda ulkan bizon kutilmaganda avtomobilga tashlanganini aytgan.
Videoda bizonning kuchli zarbasidan keyin avtomobil shinasidan havo chiqish ovozi ham aniq eshitiladi. Shundan so‘ng SUV haydovchisi transport vositasini yo‘l chetida to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Videoda avtomobil ichida necha kishi bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan.
Bu Yelloustoun milliy bog‘ida bizonlar bilan bog‘liq ilk xavfli holat emas. Joriy yilning iyun oyi oxirida Fishing Bridge hududidan shimolda joylashgan Mud Volcano atrofida 12 yoshli bola bizon hujumi oqibatida jarohat olib, shifoxonaga yotqizilgan edi.
Shuningdek, iyul oyi boshlarida yana bir hodisa qayd etildi. Yellowstone Lake yaqinidagi Bridge Bay Compound hududida nabirasi bilan sayr qilib yurgan 65 yoshli Karl Aysom-Makdeniyel ham bizon hujumiga uchragan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bizon avval hech qanday tajovuzkor harakat namoyish etmagan. «U tajovuzkor ko‘rinmasdi, ammo bir payt kelib o‘ziga nishon tanladi», deya voqeani eslagan Karl Aysom-Makdeniyel.
Mutaxassislar Yelloustoun milliy bog‘iga tashrif buyuruvchilarni yovvoyi hayvonlarga yaqinlashmaslik, xavfsiz masofani saqlash hamda ularning harakatlarini bezovta qilmaslikka chaqirmoqda. Chunki bunday hayvonlar tashqi tomondan xotirjam ko‘rinsa-da, istalgan vaqtda kutilmagan tarzda hujum qilishi mumkin.






























Izohlar 0
…