Irlandiya sohillarida ulkan akulalarning noyob to‘dasi kuzatildi

Irlandiya sohillari har yili dunyoning eng yirik baliqlaridan biri — gigant akulalar (basking shark) uchun muhim maskanga aylanadi. Bu ulkan, ammo inson uchun mutlaqo xavfsiz dengiz jonzotlari qirg‘oqqa juda yaqin suzishi bilan sayyohlar va tabiat ixlosmandlarini hayratga solmoqda. Shu bois Irlandiya gigant akulalarni tabiiy muhitda kuzatish mumkin bo‘lgan eng mashhur manzillardan biri hisoblanadi.
Har yili aprel oyidan iyul boshigacha, shuningdek avgust va sentyabr oylarida yuzlab gigant akulalar Irlandiyaning g‘arbiy va janubi-g‘arbiy sohillariga plankton va kopepodlar bilan oziqlanish uchun keladi. Donegol ko‘rfazidan Kork grafligigacha bo‘lgan hudud ularni kuzatish uchun dunyodagi eng qulay joylardan biri sifatida e’tirof etiladi.

Irlandiya Gigant Akulalarini Tadqiq Qilish Guruhi (ISBG) mutaxassislarining ta’kidlashicha, bu akulalar Shotlandiyadan Yangi Zelandiyagacha bo‘lgan hududlarda yashaydi. Biroq aynan Irlandiyada ular qirg‘oqqa juda yaqin keladi. Uzunligi 10 metrgacha yetadigan gigant akulalar dunyodagi ikkinchi eng yirik baliq turi bo‘lib, faqat plankton bilan oziqlanadi va inson uchun xavf tug‘dirmaydi.
Ushbu tur o‘tgan asrning 1950–1960 yillarida keng miqyosda ovlangani sababli deyarli yo‘qolib ketish darajasiga yetgan. Biroq 1984 yilda Irlandiyada oxirgi gigant akula ovlanganidan so‘ng ularning soni asta-sekin qayta tiklana boshladi. Shu bilan birga, xalqaro darajada bu tur hali ham yo‘qolib ketish xavfi ostidagi jonzotlar qatoriga kiradi.

2022 yildan boshlab gigant akulalar Irlandiya qonunchiligi bilan alohida muhofazaga olingan. Sayyohlik qayiqlari uchun maxsus qoidalar joriy etilgan bo‘lib, akulalarga xavfsiz masofada yaqinlashish va ularni oziqlanish yoki ko‘payish vaqtida bezovta qilmaslik talab etiladi.
Mutaxassislarning fikricha, gigant akulalarni dengiz bag‘rida yaqin masofadan kuzatish nafaqat noyob tabiat mo‘jizasi, balki Irlandiyaga tashrif buyurgan har bir sayyoh xotirasida uzoq saqlanib qoladigan unutilmas taassurotlardan biri hisoblanadi.






























Izohlar 0
…