Olimlar suyaklarni yemirilishdan saqlaydigan eng muhim mahsulotlarni aytdi

Suyaklar mustahkamligi haqida faqat keksayganda emas, yoshlikdanoq qayg‘urish muhim. Mutaxassislar ta’kidlashicha, suyak zichligi ko‘pchilik o‘ylagandan ham ertaroq pasaya boshlaydi. Biroq to‘g‘ri ovqatlanish va faol hayot tarzi bu jarayonni sekinlashtirishga yordam beradi.
Olimlarning ma’lum qilishicha, insonning qarilikdagi suyak salomatligi bolalik va yoshlikda to‘plangan «suyak zaxirasi»ga bog‘liq. Yosh o‘tishi bilan suyak massasi asta-sekin kamayadi. Bugungi kunda dunyoda 500 millionga yaqin kishi osteoporozdan aziyat chekmoqda. Bu kasallik suyaklarni mo‘rtlashtirib, sinish xavfini oshiradi.
Suyaklar uchun eng foydali mahsulotlar
Sut mahsulotlari – sut, pishloq va qatiq kalsiy, D vitamini hamda oqsilning boy manbai hisoblanadi. Tadqiqotlar ularni muntazam iste’mol qilish suyak sinishi xavfini kamaytirishini ko‘rsatgan.
Soya mahsulotlari – tofu, tempe va edamame kalsiyga boy bo‘lib, ayniqsa ayollarda suyak zichligini saqlashga yordam berishi mumkin.
Chia urug‘i – kalsiy, magniy, fosfor va omega-3 ga boy bo‘lib, suyak to‘qimalarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Quritilgan mevalar – anjir, o‘rik va qora olxo‘ri kalsiy hamda antioksidantlarga boy. Ular suyak yemirilishini sekinlashtirishga yordam beradi.
Konservalangan baliq – sardina va losos kalsiy, D vitamini va oqsil manbai bo‘lib, suyak hamda mushaklar salomatligi uchun juda foydali.
Mutaxassislar vitamin qo‘shimchalarini esa faqat shifokor tavsiyasi bilan qabul qilishni maslahat beradi. Agar ratsionda sut mahsulotlari, ko‘katlar, baliq, dukkaklilar va oqsilga boy oziq-ovqatlar yetarli bo‘lsa, organizm zarur moddalarning aksariyatini tabiiy ravishda qabul qiladi.
Olimlar xulosasiga ko‘ra, muvozanatli ovqatlanish va muntazam jismoniy faollik suyaklarni yillar davomida mustahkam saqlash hamda osteoporoz xavfini sezilarli darajada kamaytirishning eng samarali usuli hisoblanadi.






























Izohlar 0
…