Sun’iy intellekt yangi virus yaratgani olimlarni hayratga soldi

Stenford universiteti olimlari Evo 2 generativ SI modeli yordamida E. coli bakteriyalarini yo‘q qila oladigan yangi bakteriofaglar yaratdi. Laboratoriyada sintez qilingan 300 ga yaqin variantdan 16 tasi samarali ekani tasdiqlanib, ular E. coli ning ikki xil shtammiga qarshi ta’sir ko‘rsatdi.
Stenford universiteti olimlari sun’iy intellekt (SI) yordamida E. coli bakteriyalarini yo‘q qila oladigan yangi bakteriofaglarni yaratdi. Tadqiqot natijalari Science jurnalida e’lon qilinib, bu haqda Stanford Report va The Guardian nashrlari xabar berdi.
Olimlar viruslarni yaratishda Evo 2 generativ SI modelidan foydalangan. U FX174 bakteriofagi asosida minglab ehtimoliy genomlarni ishlab chiqqan. Ulardan laboratoriyada sintez qilingan 300 ga yaqin variantning 16 tasi amalda samarali ekani tasdiqlangan. Bu faglar E. colining ikki xil shtammiga qarshi ta’sir ko‘rsatgan va tabiiy bakteriofaglardan sezilarli darajada farq qilishi qayd etilgan.
Tadqiqot sun’iy intellekt funksional virus genomlarini yarata olishini namoyish etdi. Biroq olimlar bunday texnologiyani odamlar, hayvonlar yoki o‘simliklarga zarar yetkazishi mumkin bo‘lgan viruslarga nisbatan qo‘llash mumkin emasligini ta’kidlamoqda.
Ma’lum qilinishicha, Evo 2 modeli inson va hayvonlarga yuqadigan viruslar emas, balki 2 milliondan ortiq bakteriofagning genetik ma’lumotlari asosida o‘qitilgan.
Mutaxassislar fikricha, bu texnologiya kelajakda yangi dori vositalarini ishlab chiqishga yordam berishi mumkin. Shu bilan birga, u bioxavfsizlik va sun’iy intellektdan xavfsiz foydalanish masalalarini yanada dolzarb qilib qo‘ymoqda.






























Izohlar 0
…