Dars paytida qonli fojia: o‘quvchi ustoziga o‘q uzdi

Tailandning Nontxaburi provinsiyasi Bangkruay tumanidagi Debsirin Nonthaburi maktabida o'quvchi o'qotar quroldan foydalanib, bir nafar pedagogni o'ldirdi va yana to'rt kishini yaraladi. Hodisa 7 avgust kuni Bangkok shahri yaqinidagi ta'lim muassasasida sodir bo'lgan, dastlabki ma'lumotlarga ko'ra, hujumni amalga oshirgan o'quvchi keyin o'z joniga qasd qilgan.
Tailandda maktab hududida yuz bergan qonli voqea butun mamlakatni larzaga soldi. Bangkok shahri yaqinida joylashgan ta’lim muassasasida o‘quvchi o‘qotar quroldan foydalanib, o‘qituvchilar va boshqalarga qarshi hujum uyushtirdi. Fojia oqibatida bir nafar pedagog halok bo‘ldi, yana to‘rt kishi turli darajada jarohat oldi.
Xorijiy OAVlar ma’lumotiga ko‘ra, hodisa 7 avgust kuni Nontxaburi provinsiyasining Bangkruay tumanidagi Debsirin Nonthaburi maktabida sodir bo‘lgan. Dastlabki ma’lumotlarga qaraganda, hujumni amalga oshirgan o‘quvchi voqeadan so‘ng o‘z joniga qasd qilgan.
Nontxaburi politsiyasi rahbariyati qurbonlar va jabrlanganlar haqidagi ma’lumotni tasdiqladi. Huquq-tartibot idoralari ayni vaqtda hodisaning kelib chiqish sabablari va uning tafsilotlarini o‘rganmoqda.
Favqulodda xizmatlar tarqatgan suratlarda maktab hududiga bir nechta tez yordam ekipajlari yetib kelgani, o‘quvchilar esa xavfsiz joyga evakuatsiya qilinayotgani aks etgan. Kadrlarda jabrlanganlardan biri zambilda olib chiqilayotgani, tibbiyot xodimlari esa boshqa yaradorlarga shoshilinch yordam ko‘rsatayotganini ko‘rish mumkin.
Hodisa vaqtida maktabda bo‘lgan guvohlardan biri o‘q ovozlari eshitilishi bilan o‘quvchilar sinfxona ichida yashirinib olganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir muddatdan keyin politsiya xodimlari binoga kirib, xonalarni tekshirgan va o‘quvchilarni xavfsiz tarzda tashqariga olib chiqqan.






























Izohlar 0
…