Mashhur aktyor Abdumannon Ubaydullayev 86 yoshida vafot etdi

Mashhur aktyor Abdumannon Ubaydullayev 86 yoshida vafot etdi
Qisqacha

Taniqli kinoaktyor, rejissyor va pedagog Abdumannon Ubaydullayev 7 avgust kuni 86 yoshida vafot etdi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, san’atshunoslik fanlari nomzodi va professor «Vatan» filmidagi roli, shuningdek, «Omad», «So‘nggi lahza», «Hijron», «Nazar», «Yigit yig‘lamasin», «Aldangan ko‘ngil» va «Mehr» kabi filmlardagi obrazlari bilan tanilgan.

Bugun, 7 avgust kuni O‘zbekiston madaniyati va kino san’ati og‘ir judolikka uchradi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, san’atshunoslik fanlari nomzodi, professor, taniqli kinoaktyor, rejissyor va pedagog Abdumannon Ubaydullayev 86 yoshida vafot etdi. Bu haqda Kinematografiya agentligi ma’lum qildi.

Ma’lumot o‘rnida, Abdumannon Ubaydullayev kinorejissyor Zulfiqor Musoqovning «Vatan» filmidagi yorqin roli orqali keng jamoatchilikka tanilgan. Shuningdek, u «Omad», «So‘nggi lahza», «Hijron», «Nazar», «Yigit yig‘lamasin», «Aldangan ko‘ngil», «Mehr» kabi qator badiiy filmlar hamda bir nechta milliy teleseriallarda muvaffaqiyatli obrazlarni gavdalantirgan.

Ijodkor nafaqat aktyor va rejissyor, balki ko‘p yillar davomida pedagog sifatida ham samarali faoliyat yuritib keldi. U bugunga qadar O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutining «Ovoz rejissyorligi va operatorlik mahorati» kafedrasida talaba-yoshlarga bilim va tajribasini ulashib, yangi avlod mutaxassislarini tayyorlashga munosib hissa qo‘shib kelayotgan edi.

Abdumannon Ubaydullayevning milliy kino va teatr san’ati rivojiga qo‘shgan xizmatlari, ekranda yaratgan yorqin obrazlari hamda tarbiyalagan shogirdlari uning nomi va merosini uzoq yillar davomida saqlab qoladi. Uning vafoti o‘zbek san’ati uchun katta yo‘qotish bo‘ldi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar