O‘lim yoqasidan qutqarilgan toshbaqa uyiga qaytmoqda

Uels sohilida topilib, qariyb ikki yarim yil davolangan nodir dengiz toshbaqasi Rozsi o'z vatani — Meksikaga qaytariladi. Kemp ridleysi turiga mansub Rozsi 2023 yil dekabr oyida Anglsi orolidagi sohilda Meg ismli it tomonidan og'ir ahvolda topilgan va parvarish davomida vazni 1 kilogrammdan kam holatdan 21 kilogrammgacha yetgan.
Uels sohilida topilgan nodir dengiz toshbaqasi Rozsi o‘zining haqiqiy vatani — Meksikaga qaytariladi. Uning uyigacha bo‘lgan qariyb 5 ming millik (8 ming kilometrdan ortiq) safarini mutaxassislar maxsus tayyorgarlik bilan amalga oshirmoqda.
Rozsi — dunyodagi eng kamyob dengiz toshbaqalaridan biri bo‘lgan Kemp ridleysi turiga mansub. U 2023 yil dekabr oyida Uelsning Anglsi orolidagi sohilda Meg ismli it tomonidan topilgan. O‘sha paytda toshbaqa ikki yoshga ham to‘lmagan va ahvoli juda og‘ir bo‘lgan.
Mutaxassislar uning sovuq suvda uzoq qolib ketgani sababli «sovuqdan karaxtlashgan» holatga tushganini aniqlashgan. Anglsi dengiz hayvonot bog‘i xodimlari Rozsini davolab, qariyb ikki yarim yil davomida parvarish qildi. Shu vaqt ichida u uch baravar kattalashib, vazni 1 kilogrammdan ham kam holatdan 21 kilogrammgacha yetdi.
Endi Rozsini uzoq safarga kuzatish uchun maxsus harorat nazoratidagi quti tayyorlangan. U avval Anglsidan Londonga vertolyotda olib boriladi, keyin esa yuk samolyoti orqali AQSHning Xyuston shahriga yetkaziladi.
Safar davomida mutaxassislar toshbaqaning suvsizlanib qolmasligiga alohida e’tibor qaratadi. Uning kosasi va nozik terisi qurib ketmasligi uchun maxsus namlantiruvchi vositalardan foydalaniladi. Ayniqsa, ko‘zlarini ham muntazam namlab turish talab etiladi.

Anglsi dengiz hayvonot bog‘i rahbari Frenki Xobroning ta’kidlashicha, sovuqdan karaxtlashgan dengiz toshbaqalari mutaxassislar yordamisiz deyarli tirik qolmaydi. Shuning uchun Rozsining sog‘ayib, endi tabiiy muhitiga qaytarilayotgani jamoa uchun juda ta’sirli voqea hisoblanadi.
Rozsi topilgan sohil nomi bilan atalgan. Mutaxassislar uning kuchli shamollar ta’sirida iliq suvlardan adashib, Uels qirg‘oqlariga kelib qolgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
Kemp ridleysi dunyodagi eng kamyob dengiz toshbaqasi hisoblanadi. Ular tuxum qo‘yish uchun asosan Meksikadagi ikkita sohil va AQSHning Texas shtatidagi hududlardan foydalanadi.
Hayvonot bog‘i xodimlari Rozsining yovvoyi tabiatga qaytarilishi ushbu noyob turni saqlab qolish yo‘lida kichik bo‘lsa-da, muhim qadam bo‘lishini umid qilmoqda. U so‘nggi o‘n yil ichida mazkur bog‘ tomonidan qutqarilib, sog‘aytirilgan to‘rtinchi dengiz toshbaqasi bo‘ladi.
Ayni paytda mutaxassislar Uels qirg‘oqlarida sovuqdan aziyat chekkan boshqa dengiz toshbaqalarini ham qutqarish uchun maxsus markaz tashkil etish rejasini ishlab chiqmoqda.






























Izohlar 0
…