Jo Baydenning ahvoli og‘ir: o‘g‘li tafsilotlarni oshkor qildi

Jo Baydenning prostata saratoni yanada rivojlanib, suyaklari va boshqa qismlariga tarqalgan, bu esa unga kuchli og‘riq va holsizlik keltirmoqda. Bu haqda uning o‘g‘li Xanter Bayden BBC'ga bergan intervyusida ma'lum qildi. Xanter Bayden otasining kasallik bilan kurashayotganini kuzatish oila uchun juda og‘ir kechayotganini, 83 yoshli sobiq prezident esa kamdan-kam shikoyat qilishini aytdi.
AQSHning sobiq prezidenti Jo Baydenning prostata saratoni yanada rivojlanib, suyaklari va boshqa qismlariga ham tarqalgan. Kasallik unga kuchli og‘riq berayotgani va holsizlantirayotgani haqida uning o‘g‘li Xanter Bayden BBC'ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Xanter Bayden otasining sog‘lig‘i haqida gapirar ekan, uning kasallik bilan kurashayotganini kuzatish oila uchun juda og‘ir kechayotganini ta’kidladi.
“Saraton tarqaldi, metastazlar suyaklariga va undan ham boshqa joylarga o‘tgan. Bu juda og‘riqli va ko‘p jihatdan holsizlantiruvchi”, — dedi u.
83 yoshli Jo Bayden AQSH tarixidagi eng keksa prezident sifatida faoliyat yuritgan. Uning yoshi va sog‘lig‘i prezidentlik davrida ham ko‘p bora muhokama qilingan.
Bayden prostata saratoni tashxisi qo‘yilganini 2025 yil may oyida, Oq uyni tark etganidan taxminan to‘rt oy o‘tib ma’lum qilgan edi. O‘sha paytda kasallik allaqachon suyaklarga tarqalgani aniqlangan.
Shundan buyon sobiq prezident davolanishni davom ettirib kelmoqda. 2026 yil iyulida Bayden saratonni davolash jarayoni “juda yaxshi ketayotganini” bildirgan edi.
Xanter Bayden esa otasining hozirgi ahvoli haqida gapirar ekan, uning kamdan-kam shikoyat qilishini aytdi.
“Buni kuzatish juda achinarli. Otamning hozirgi sog‘lig‘i haqida aytadigan yagona gapim — u ko‘proq shikoyat qilsa edi, deb istardim. Chunki uning ahvoli yaxshi emas”, — dedi u.






























Izohlar 0
…