Eron AQSH harbiylarini ushlash uchun mukofot e’lon qildi

Eron armiyasi AQSH harbiy xizmatchilarini qo'lga olgan, o'ldirgan yoki tegishli organlarga topshirgan shaxslarga 30 ming dollar mukofot berishini ma'lum qildi. Eron armiyasi qo'mondoni, general-mayor Amir Hotamining aytishicha, ayollar uchun mukofot miqdori ikki barobar oshirilib, 60 ming dollargacha yetadi.
Eron armiyasi AQSH harbiy xizmatchilarini qo‘lga olish yoki o‘ldirgan shaxslarga pul mukofoti berishini ma’lum qildi. Bu haqda Eron davlat axborot agentligi IRNA ma’lumotlariga tayanib xalqaro OAV xabar tarqatdi.
Eron armiyasi qo‘mondoni, general-mayor Amir Hotamining aytishicha, agar AQSH harbiylari Eron hududiga kirsa, ulardan birini qo‘lga olgan, o‘ldirgan yoki tegishli organlarga topshirgan shaxsga 30 ming dollar miqdorida mukofot beriladi. Hotami bu qaror fuqarolarning moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ko‘plab murojaatlaridan so‘ng qabul qilinganini aytdi.
Eron harbiy rahbari mukofot miqdori ayollar uchun ikki barobar — 60 ming dollargacha bo‘lishini ham aytgan. Biroq u AQSH harbiylari qachon va qayerda nishonga olinishi mumkinligi bo‘yicha aniq tafsilotlarni keltirmagan.
Shu bilan birga, Hotami AQSH harbiylariga qarshi qo‘llanilgan qurollarni bozor narxidan ikki baravar yuqori qiymatda qayta sotib olish va ularning o‘rniga yangi qurollar berish taklifini ham bildirgani xabar qilinmoqda.
Bu bayonot AQSH va Eron o‘rtasidagi keskinlik yuqori darajada saqlanib qolayotgan bir paytda yangradi. Hotami avval ham AQSH qo‘shinlari Eron hududiga kirgan taqdirda mamlakat harbiylari keskin javob qaytarishini bildirgan edi.
Ayni paytda AQSH quruqlik qo‘shinlarining Eron hududida joylashtirilgani haqida tasdiqlangan ma’lumotlar yo‘q. Shu sababli e’lon qilingan mukofotning amalda qanday mexanizm asosida to‘lanishi ham ochiqlanmagan.






























Izohlar 0
…