Tramp Oydagi obyektga o‘z nomini berishni rejalashtirmoqda

Tramp Oydagi obyektga o‘z nomini berishni rejalashtirmoqda

So‘nggi davrda AQSH prezidenti Donald Tramp geografik obyektlarga yangi nom berish bilan bog‘liq tashabbuslari bilan ham tez-tez ko‘pchilik e’tiboriga tushmoqda.

AQSH prezidenti Donald Tramp Oydagi obyektlardan biriga o‘z nomini berish g‘oyasini ma’qullashini bildirdi. U bu haqda Texasda joylashgan kosmik markazda sun’iy yo‘ldoshdagi obyektlarni muhokama qilish jarayonida gapirgan.

“Umid qilamanki, ular mening nomim bilan shunga o‘xshash narsani nomlashadi”, — degan Tramp.

Tadbir chog‘ida Amerika prezidenti Artemis II missiyasi qo‘mondoni, amerikalik astronavt Rid Vaysman bilan ham uchrashgan. Suhbat davomida Tramp Oydagi kraterlardan biri Vaysmanning saraton kasalligi oqibatida vafot etgan rafiqasi Kerol sharafiga nomlanganini ta’kidlagan.

Trampning fikricha, Oy insonlar xotirasi va ularning nomlarini asrlar davomida saqlab qolishi mumkin bo‘lgan ramziy makon hisoblanadi. Shu sababli u Oydagi biror geografik obyektga o‘z ismini berish taklifini ham mamnuniyat bilan qabul qilishini bildirgan.

Tadbir davomida AQSH prezidenti yana bir muhim qarorga qo‘l qo‘ygan. U mamlakatda kosmik akademiya tashkil etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagan.

Donald Trampning geografik nomlar bilan bog‘liq tashabbuslari bu bilan cheklanib qolmayapti. So‘nggi vaqtlarda AQSH prezidenti turli obyektlarni qayta nomlash masalasini bir necha bor ko‘targan.

Jumladan, avvalroq u Meksika ko‘rfazini “Amerika ko‘rfazi” deb atash tashabbusini ilgari surgan. Shuningdek, Kanada bilan savdo munosabatlaridagi taranglik fonida Ontario ko‘lini “Amerika ko‘li” deb qayta nomlash haqidagi farmonni ham imzolagan.

Bundan tashqari, Trampning nomi Florida shtatidagi avtomagistral hamda aeroportga ham berilgan. Vashingtondagi Kennedi markazi fasadiga uning nomini qo‘shish tashabbusi esa keyinchalik sud qarori asosida bekor qilingan.

Endi esa Tramp Oydagi biror obyekt uning nomi bilan atalishi mumkinligi haqida fikr bildirib, o‘z nomini koinot bilan bog‘lash istagini ham ochiq namoyon qildi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar