22 yoshli erkak jinoiy guruh bilan 181 mln funtlik bitkoinni o‘g‘irladi

Kriptovalyuta bilan bog‘liq yirik jinoiy tarmoqning yetakchilaridan biri bo‘lgan 22 yoshli Meloun Lam bitkoin o‘g‘irlashda ishtirok etganini tan oldi. Singapur fuqarosi bo‘lgan Lam boy kriptovalyuta sarmoyadorlarini nishonga olgan xalqaro kiberjinoyat tarmog‘iga boshchilik qilgan.
Jinoiy guruh o‘g‘irlangan mablag‘larni qimmatbaho avtomobillar, hashamatli uylar, xususiy samolyotlar va ko‘ngilochar kechalarga sarflagan. Lam internetda «Anne Hathaway», «$$$» va «King Greavy» kabi taxalluslardan foydalangan.
Jinoiy tarmoqning eng yirik hujumlaridan birida Lam va uning sheriklari bir jabrlanuvchidan 4 100 dan ortiq bitkoinni o‘g‘irlagan. O‘sha paytda ularning qiymati 181 million funt sterling yoki 245 million dollardan ziyod bo‘lgan.
Guruh boy kriptovalyuta egalariga nisbatan murakkab «ijtimoiy muhandislik» firibgarlik sxemalaridan foydalangan. Ular jabrlanuvchilarni aldov orqali kriptovalyuta hamyonlarini bo‘shatish imkonini beruvchi ma’lumotlarni berishga ishontirgan. Bu haqda Need To Know xabar berdi.
2024 yil avgust oyidagi o‘g‘irlik vaqtida Lamning ikki sherigi o‘zini Google va kriptovalyuta birjasi Gemini vakillari sifatida tanishtirgan. Vashingtondagi jabrlanuvchi ularga Google Drive'iga kirish imkoniyatini bergan va xavfsizlik kodlarini ma’lum qilgan. Shundan so‘ng jinoiy guruh 4 100 dan ortiq bitkoinni qo‘lga kiritgan.
O‘g‘irlangan kriptovalyutani qonuniylashtirishga uringan jinoyatchilar keyinchalik mablag‘larni dabdabali hayotga sarflay boshlagan. Sud hujjatlariga ko‘ra, Lam Los-Anjelesdagi tungi klubda bir kechada 569 ming dollardan ortiq pul sarflagan.
FBR ma’lumotlariga ko‘ra, uning xaridlari orasida 2 million dollarlik qo‘l soati va 30 dan ortiq luks avtomobil, jumladan, maxsus buyurtma asosida tayyorlangan Porsche, Lamborghini va Ferrarilar bo‘lgan.
Jinoiy tarmoqning boshqa a’zolari Mayami, Los-Anjeles va Hemptonsda hashamatli uylar ijaraga olgan, xususiy samolyotlarda sayohat qilgan va shaxsiy qo‘riqchilar yollagan. Tungi klublarda esa o‘n minglab dollarlik luks sumkalar ham tarqatilgan.
AQSH Adliya vazirligiga ko‘ra, jinoiy korxona 2023 yil oktyabr oyidan kechiktirmay shakllangan. Tarmoq a’zolari boy jabrlanuvchilarni aniqlash, firibgarlik qo‘ng‘iroqlarini amalga oshirish, ma’lumotlar bazalariga buzib kirish va o‘g‘irlangan mablag‘larni qonuniylashtirish kabi vazifalarni bajargan. Ayrimlari jabrlanuvchilarning uylariga kirib, kriptovalyuta hamyonlariga kirish imkonini beruvchi ma’lumotlarni qo‘lga kiritishda ham gumon qilingan.
Meloun Lam 8 sentyabr kuni Vashingtondagi federal sudda RICO jinoiy uyushmasiga qo‘shilish bo‘yicha bir band ayblovni tan oldi. U ish bo‘yicha ayblangan 18 nafar shaxsdan biri va aybini tan olgan 11-gumonlanuvchi hisoblanadi.
AQSH prokurori Janin Ferris Pirro kiberjinoyatchilarni aniqlab, javobgarlikka tortishlarini ta’kidladi. U Lam xalqaro tarmoqqa rahbarlik qilib, odamlarni aldash va yuzlab million dollarlik kriptovalyutani o‘g‘irlashda ishtirok etganini bildirdi.
Lam 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilinishi mumkin. Uning ishi bo‘yicha keyingi sud majlisi 8 dekabr kuniga belgilangan.






























Izohlar 0
…