Noutbuk o‘g‘irlanishi mashhur aktyorni politsiyagacha yetakladi

Noutbuk o‘g‘irlanishi mashhur aktyorni politsiyagacha yetakladi

Turkiyaning mashhur teatr aktyori O‘kan Karajan Istanbulning Shishli tumanida o‘tkazilgan tadbir vaqtida stol ustida turgan noutbukni olib ketganlikda gumon qilinmoqda. Mazkur holat yuzasidan politsiya tomonidan tekshiruv o‘tkazilgan. Bu haqda “Haberler” xabar berdi.

Qayd etilishicha, voqea joriy yilning 27 fevral kuni Shishli Markaz mahallasidagi Daryulajeze ko‘chasida sodir bo‘lgan. E.Sh.A. ismli shaxs 2 mart kuni politsiyaga murojaat qilib, tadbir davomida noutbuki yo‘qolganini ma’lum qilgan.

Murojaat qilgan fuqaro voqea tasvirlangan xavfsizlik kamerasi yozuvlarini ham huquq-tartibot idoralariga taqdim etgan. U kompyuterni aynan O‘kan Karajan olganini ta’kidlagan.

Politsiya xodimlari videokuzatuv kameralaridagi tasvirlarni sinchiklab o‘rganib, noutbukni olib ketgan shaxs O‘kan Karajan ekanini aniqlagan.

Aktyor esa politsiyaga bergan ko‘rsatmasida noutbukni o‘g‘irlash maqsadida olmaganini, aksincha, adashib olib ketganini bildirgan.

Karajanning aytishicha, voqeadan bir necha kun o‘tib, ya’ni 1 mart kuni E.Sh.A. yana uch kishi bilan birga uning oldiga kelgan. Aktyor ularning unga hujum qilgani va do‘pposlaganini iddao qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mazkur shaxslar uni majburan olib ketib, avtomobilning yukxonasiga joylashtirgan. Shundan keyin mashina ichida uning boshiga qurol dastasi bilan besh marta urgan.

Karajan ushbu holatni o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik va majburlash deb baholagan. Shuningdek, aktyor kompyuter bilan bog‘liq mojarodan keyin aynan shu voqea sodir bo‘lganini aytgan.

Aktyorning onasi uning gaplarini rad etdi

Biroq O‘kan Karajanning onasi I.K. o‘g‘lining bu da’volarini inkor qilgan. Uning aytishicha, O‘kan voqea kuni iftor dasturidan so‘ng uyga kompyuter bilan kelgan va ushbu noutbukni unga sovg‘a qilishganini aytgan.

Onasining ta’kidlashicha, bir necha kundan keyin kompyuterni olish uchun kelgan shaxsga noutbukni aynan o‘zi topshirgan.

I.K. O‘kan xonasidan umuman chiqmaganini, hech kim uni majburan uyidan olib ketmaganini va kaltaklamaganini bildirgan.

Shuningdek, aktyorning onasi o‘g‘lida ruhiy muammo borligini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘kan bir muddatdan beri dori-darmonlarini muntazam qabul qilmay qo‘ygani sababli xatti-harakatlari beqaror bo‘lib qolgan.

O‘kan Karajan «oshkora o‘g‘rilik» jinoyati bo‘yicha qo‘lga olinib, joriy yilning 7 mart kuni sudga yuborilgan. Biroq sudga yuborilganidan keyin u ozod qilingan.

Ayni vaqtda tarqalgan xavfsizlik kamerasi tasvirlarida Karajan telefon orqali gaplashayotgani, stol ustida turgan noutbukni ko‘zdan kechirayotgani, so‘ng uni qo‘ltig‘iga olib, voqea joyidan chiqib ketgani aks etgan.

Hozircha mazkur holat yuzasidan tomonlarning bayonotlari bir-biridan farq qilmoqda. Aktyor noutbukni adashib olganini aytsa, politsiya kamera tasvirlari asosida uni olib ketgan shaxs Karajan ekanini aniqlagan. Shu bilan birga, aktyorning o‘ziga nisbatan zo‘ravonlik qilingani haqidagi da’volari ham ma’lum qilingan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar