Bir kechasi 8 100 dollar: Saudiya hashamatli poyezd ishga tushiradi

Bir kechasi 8 100 dollar: Saudiya hashamatli poyezd ishga tushiradi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Saudiya Arabistoni 2027-yilning uchinchi choragidan boshlab "Dream of the Desert" nomli birinchi hashamatli poyezdini ishga tushiradi.
  • Ushbu poyezdda bir kecha tunash taxminan 8 100 dollarga teng bo'lib, u 12 ta vagondan iborat va 72 yo'lovchini sig'dira oladi.
  • Poyezd Ar-Riyoddan shimolga, Iordaniya chegarasigacha bo'lgan hududlar orqali 1 000 kilometrdan ortiq masofani bosib o'tadi, safar davomiyligi esa ikki kundan besh kungacha bo'ladi.

Saudiya Arabistoni o‘z tarixidagi birinchi premium-klass temiryo‘l loyihasi — Dream of the Desert hashamatli poyezdini ishga tushirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Yo‘lovchilar yangi poyezdda 2027 yilning uchinchi choragidan boshlab sayohat qilish imkoniga ega bo‘ladi. Bu haqda Khaleej Times xabar berdi.

Loyiha bosh menejeri va Arsenale International kompaniyasi bosh direktori Raffaele Breschi ushbu sayohatni “g‘ildiraklar ustidagi haqiqiy teatr tomoshasi” deya ta’riflagan. Uning aytishicha, poyezddagi har bir detal puxta o‘ylangan bo‘lib, butun safar boshidan oxirigacha yagona konsepsiya asosida tashkil etiladi.

Bir kecha tunash 8 100 dollarga tushadi

Dream of the Desert 12 ta vagondan tashkil topadi. Poyezdda 34 ta luks kupe bo‘lib, bir vaqtning o‘zida 72 nafar yo‘lovchini qabul qila oladi.

Sayohatchilarga uch xil yo‘nalish taklif etiladi. Luks kupeda bir kecha tunash taxminan 30 000 saudiya riyoli, ya’ni 8 100 dollar atrofida bo‘ladi.

Dastlabki reyslarda sayohat qilish istagida bo‘lganlar esa oldindan taxminan 2 500 riyol, ya’ni 680 dollar miqdorida qaytariladigan depozit to‘lab, ustuvor ro‘yxatdan joy olish imkoniga ega.

Poyezd 1 000 kilometrdan ortiq yo‘l bosadi

Hashamatli poyezd vagonining yotoqxona va mehmonxona qismlari aks etgan.

Loyiha doirasidagi asosiy yo‘nalish 1 000 kilometrdan ortiq masofani qamrab oladi. Poyezd Ar-Riyoddan shimol tomonga harakatlanib, deyarli Iordaniya chegarasigacha bo‘lgan Saudiya Arabistonining chekka va hali keng o‘rganilmagan hududlari orqali o‘tadi.

Poyezd Al Qassim, Hayl, Al Jauf va Qurayyat shaharlarida to‘xtaydi.

Raffaele Breschining ta’kidlashicha, ushbu hududlar hatto Saudiya Arabistoni aholisi orasida ham yetarlicha o‘rganilmagan. Vokzallardan 30–40 daqiqalik masofada YUNЕSKO merosi obyektlari, kelajakda ro‘yxatga kiritilishi mumkin bo‘lgan hududlar, so‘ngan vulqonlar va turli fermalar mavjud.

Sayohat dasturida tarixiy maskanlar ham bor

Safar dasturiga Al Jaufdagi Marid qal’asi va Hayldagi Aja tog‘lari ham kiritilgan.

Breschi Aja tog‘larini mashhur Al Ula hududiga o‘xshatgan, ammo bu joyning tabiiy muhiti va manzaralari o‘ziga xos ekanini ta’kidlagan.

Sayohatlar davomiyligi ikki kechadan besh kechagacha bo‘ladi. Eng uzoq, besh kechalik yo‘nalish dasturiga Al Ulaga tashrif ham kiritiladi.

Dream of the Desert loyihasi Saudiya Arabistonining Saudi Vision 2030 strategiyasi doirasida amalga oshirilmoqda. Ushbu strategiya mamlakatni dunyoning yetakchi sayyohlik yo‘nalishlaridan biriga aylantirishni maqsad qilgan.

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar