75 yil qamoqda o‘tirgan AQSHlik mahbus 101 yoshida vafot etdi

AQSHda 75 yildan ortiq umrini qamoqxonada o‘tkazgan eng keksa mahbus Frensis Klifford Smit 101 yoshida tabiiy sabablar bilan vafot etdi. U bir necha bor qatl qilinishi belgilangan, ammo har safar jazo ijrosi keyinga qoldirilgan edi.
Smitga sakkiz marta qatl qilish haqida qaror chiqarilgan va u sakkiz marta “so‘nggi kechki taom”ni iste’mol qilgan. Biroq belgilangan qatllarning barchasi turli sabablarga ko‘ra bekor qilingan. Keyinchalik esa AQSHdagi eng keksa mahbus tabiiy ravishda hayotdan ko‘z yumdi.
Smit 75 yildan ortiq vaqtini Konnektikutdagi qamoqxonada o‘tkazdi. U ilk bor 1950 yilda o‘lim jazosiga hukm qilingan. Shunga qaramay, mahbus hayotining oxiriga qadar o‘zi sodir etmagan qotillik uchun qamalganini ta’kidlab keldi. Uning ishi atrofida o‘nlab yillar davomida turli shubhalar va savollar saqlanib qolgan.
Qotillikda qanday ayblangan?
1949 yil 23 iyul kuni erta tongda Grinvichdagi yaxta klubida o‘g‘rilik sodir bo‘lgan. O‘sha vaqtda tungi qorovul Grover Hart otib o‘ldirilgan. Smit 25 yoshida ushbu qotillikda aybdor deb topilgan.
Hart 22 kalibrli revolver o‘qidan halok bo‘lgan. Ammo jinoyat joyidan topilgan yana bir o‘q va to‘rtta gilza boshqa qurolga tegishli ekani aniqlangan. Shu bois sud jinoyatda ikki kishi ishtirok etgan, degan xulosaga kelgan.
Jorj Louden ismli gumondor o‘z aybini tan olgan. Smitga qarshi esa asosan ehtimoliy dalillar mavjud bo‘lgan.
Nyu-York shtatidagi kafe qarshisida to‘xtatilgan kulrang Cadillac avtomobilidan jinoyatda ishlatilgan qurollardan biri topilgan. Avtomobildan, shuningdek, yaxta klubidan o‘g‘irlangan taqinchoqlar va boshqa buyumlar ham aniqlangan.
Smit esa ushbu kafe yaqinida bir oz avval ko‘ringan edi. Bundan tashqari, mashinadan unga tegishli deb taxmin qilingan ko‘ylak ham topilgan. Mazkur dalillar sud tomonidan unga hukm chiqarish uchun yetarli deb baholangan.
Qatl sanasi sakkiz marta o‘zgartirilgan
Smitni qatl qilish sanasi sakkiz marta belgilangan va sakkiz marta bekor qilingan. 1954 yilda unga tayinlangan o‘lim jazosi umrbod qamoq jazosiga almashtirilgan.
1967 yilda u qamoqxonadan qochishga muvaffaq bo‘lgan va 12 kun davomida erkinlikda yurgan. 1975 yilda esa Smit shartli ravishda ozodlikka chiqarilgan. Ammo taxminan 10 oy o‘tib, o‘g‘rilik va noqonuniy qurol saqlashda ayblanib, yana qamoqqa qaytarilgan.
Qamoqxonada unga qanday laqab berilgan?
Osborn qamoqxonasida Smitga “osbornlik qushboqar” degan laqab berilgan. Sababi, u kiyimiga non yashirib, qamoqxona hududida qushlarni boqib yurgan. Qamoqxona qo‘riqchilari bu odatidan xabardor bo‘lgan va unga ko‘z yumgan.
Smit faqat 2020 yildagina qamoqxonadan chiqarilgan. Biroq shundan keyin ham qariyalar uyida nazorat ostida yashashda davom etgan.
Frensis Klifford Smit 2026 yil iyun oyining oxirida uxlab yotgan vaqtida 101 yoshida tabiiy sabablar bilan vafot etdi. Uning hayoti AQSHdagi eng uzoq muddat qamoqda qolgan mahbuslardan biri sifatida tarixda qoldi.






























Izohlar 0
…