Tokioda 35 kun yomg‘ir yog‘ib, tarixiy rekord yangilandi

Yaponiya poytaxti Tokioda yog‘ingarchilik qariyb besh hafta davom etib, meteorologik kuzatuvlar tarixidagi rekordni yangiladi.
Ma’lum bo‘lishicha, shahar markazida 35 kun davomida har kuni yog‘ingarchilik kuzatilgan. Bu 1886 yildan beri qayd etilgan eng uzoq uzluksiz yog‘inli davr bo‘ldi. Avvalgi rekord 2019 yilda 33 kunni tashkil etgan edi.
Sentyabr oyining dastlabki 28 kunida Tokio markaziga 629 millimetr yog‘in tushgan. Bu sentyabr oyi uchun odatiy ko‘rsatkichdan qariyb uch baravar ko‘p. Shu bilan birga, oylik yog‘in miqdori 1958 yilda qayd etilgan 670,9 millimetrlik tarixiy ko‘rsatkichga ham yaqinlashgan.
Mutaxassislar uzoq davom etgan yog‘ingarchilikka kuzgi yomg‘ir frontining uzoq vaqt saqlanib qolishi, past bosimli hududlar va ketma-ket yaqinlashgan tayfunlar ta’sir qilganini bildirgan.
Yog‘ingarchilik tufayli Tokioda quyoshli kunlar ham keskin kamaygan. Sentyabr davomida shahar markazi atigi 45,8 soat quyosh nurini olgan.
Hodisa qishloq xo‘jaligiga ham ta’sir ko‘rsatgan. Kuchli yomg‘irlar ayrim hududlarda ekinlarga zarar yetkazib, mahsulotlar narxiga bosim o‘tkazgan.






























Izohlar 0
…