Ekvadorda 469 kg kokain Holand surati tushirilgan paketlarda topildi

Ekvador politsiyasi katta miqdordagi kokainni musodara qildi. E’tiborlisi, giyohvand modda solingan paketlarga “Manchester Siti” va Norvegiya terma jamoasi hujumchisi Erling Holandning surati tushirilgan stikerlar yopishtirilgan.
“Associated Press” xabar berishicha, huquq-tartibot idoralari jami 469,6 kilogramm kokainni aniqlagan. Giyohvand modda 370 ta paketga joylangan bo‘lib, yuk mashinasining maxsus yashirin qismiga berkitilgan.
Hodisa Ekvadorning Kolumbiya bilan chegarasi yaqinida fosh etilgan. Politsiya yukni tekshirish vaqtida yashirin bo‘linmadagi giyohvand moddalarni topgan.
Qizig‘i, musodara qilingan boshqa bir yukda Argentina terma jamoasi sardori Lionel Messining surati ham aniqlangan.
Mutaxassislar va huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, jinoiy guruhlar o‘z yuklarini ajratib olish yoki muayyan tarmoqqa tegishli ekanini belgilash uchun mashhur insonlarning ismlari va suratlaridan foydalanishi mumkin.
Shu bilan birga, Holandning ushbu giyohvand moddalarga yoki ularning tashilishiga qandaydir aloqasi borligi haqida hech qanday ma’lumot yo‘q.
Hodisa yuzasidan tergov davom etmoqda.






























Izohlar 0
…