Janubiy Koreyada 3,5 metrlik akula kanaldan chiqib keta olmadi (video)

Janubiy Koreyada 3,5 metrlik akula kanaldan chiqib keta olmadi (video)

Janubiy Koreyaning Pusan shahridagi Shimoliy port hududida 3,5 metrlik akula g‘ayrioddiy vaziyatga tushib qoldi. U 18 sentyabr kuni port yaqinidagi sun’iy kanalga kirib ketgan va bir necha bor ochiq dengizga chiqishga urinishlarga qaramay, kanaldan to‘liq chiqib keta olmayapti. Bu haqda Associated Press xabar berdi.

Mutaxassislar akulani tashqi ko‘rinishi va hajmiga qarab mutae akulasi bo‘lishi mumkin deb taxmin qilmoqda. U kanalga ozuqa izlab kirgan bo‘lishi ehtimoli aytilgan.

Dastlab mutasaddilar qayiqlar yordamida suv oqimini yo‘naltirib, akulani ochiq dengiz tomon haydashga uringan. Biroq u qayiqlardan qochib, kanal ichida qolavergan. Keyin 50 metr uzunlikdagi va 6,8 metr balandlikdagi maxsus to‘r yordamida uni dengizga yo‘naltirishga harakat qilingan.

Biroq ikkinchi urinish ham to‘liq muvaffaqiyatli bo‘lmagan. To‘r kanal tubiga ilinib qolgani va akula harakatlanishni istamagani sababli operatsiya to‘xtatilgan. 3 oktyabr kuni esa akula yana kanal ichiga qaytib kirgani ma’lum bo‘ldi.

G‘ayrioddiy voqea Pusan aholisi va sayyohlarning katta qiziqishiga sabab bo‘ldi. 3 oktyabrga kelib akulani ko‘rish uchun port hududiga 700 mingdan ortiq odam borgani xabar qilindi.

Hozir mutasaddilar akulani xavfsiz ravishda ochiq dengizga qaytarish yo‘llarini izlamoqda. Mutaxassislar esa uning kanaldan suv sathi va oqim o‘zgarishi ta’sirida tabiiy ravishda chiqib ketishiga umid qilmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar