AQSHda 16 yoshli o‘smir maktabga hujum qilib, to‘rt kishini o‘ldirdi

AQSHda 16 yoshli o‘smir maktabga hujum qilib, to‘rt kishini o‘ldirdi

AQSHning Oregon shtatidagi Bend shahrida maktabda sodir bo‘lgan qurolli hujum oqibatida uch nafar bola va bir nafar o‘qituvchi halok bo‘ldi. Hodisani sodir etgan 16 yoshli o‘smir ham voqea joyida vafot etdi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, voqea 15 oktyabr kuni Silver Rail boshlang‘ich maktabida yuz bergan. Hujumchi qulflangan eshiklarga o‘q uzib, bino ichiga kirgan. Halok bo‘lgan bolalar 5, 8 va 11 yoshda bo‘lgan. Shuningdek, 7 yoshli o‘quvchi va 54 yoshli o‘qituvchi og‘ir ahvolda shifoxonaga olib ketilgan.

Shahar politsiyasi rahbari Mayk Kransning ma’lum qilishicha, otishma haqidagi birinchi xabardan bir necha daqiqa o‘tib, o‘smir maktab ichida vafot etgan holda topilgan. Huquq-tartibot idoralari xodimlari chaqiruvlardan so‘ng tezkorlik bilan hodisa joyiga yetib borgan.

Tergovchilar hozircha o‘smirning maktabda o‘qigani yoki jabrlanganlarni tanish-tanimaganini aniqlamagan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, u onasi sotib olgan nasosli miltiqdan foydalangan.

Hodisadan keyin maktab o‘quvchilari avtobuslarda yaqin atrofdagi cherkovga olib borilgan. U yerda ota-onalar farzandlari bilan qayta ko‘rishgan.

Oregon gubernatori Tina Kotek fojia munosabati bilan hamdardlik bildirib, hujumchini to‘xtatishga aralashgan mahalliy aholi vakiliga minnatdorlik aytgan. Ayni paytda politsiya hodisaning sabablari va boshqa tafsilotlarini aniqlashda davom etmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar