Issiqko‘l tubidan Qoraxoniylar davriga oid noyob tangalar topildi

Qirg‘izistondagi Issiqko‘l tubida X–XI asrlarga oid Qoraxoniylar davri tangalari topildi. Bu haqda arxeologik tadqiqotlar hamrahbari, Rossiya Fanlar akademiyasi Arxeologiya instituti ilmiy xodimi Maksim Menshikov ma’lum qildi.
Topilmalar ko‘l tubida joylashgan o‘rta asrlarga oid Toru-Ayg‘ir arxeologik majmuasida olib borilgan navbatdagi suvosti tadqiqotlari davomida aniqlangan. Arxeologlar ushbu hududni bir necha yildan buyon o‘rganib kelmoqda.
Menshikovning aytishicha, topilgan tangalar tarkibida qo‘rg‘oshin miqdori juda yuqori bo‘lishi mumkin. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, metall tarkibidagi qo‘rg‘oshin ulushi 90 foizgacha yetgan. Olim buni o‘sha davrda mis tanqisligi yuzaga kelgani bilan izohlamoqda.
Bunday tarkibdagi tangalar juda kam uchrashi bilan e’tiborga molik. Ularning materiali mo‘rt bo‘lgani sababli topilmalar yaxshi saqlanmagan, tangalardagi yozuvlarni o‘qish ham qiyin.
Ekspeditsiya davomida cho‘yan qozonning bir qismi va yirik sopol idishlarning parchalari ham topilgan. Bundan tashqari, arxeologlar Toru-Ayg‘ir majmuasi hududida pishiq g‘ishtdan qurilgan yettita o‘rta asr inshootini aniqlagan. Qirg‘iziston hududida shu turdagi oltita inshoot avvaldan ma’lum bo‘lgan.
Tadqiqotlar Rossiya Geografiya jamiyati ko‘magida olib borilayotgan xalqaro suvosti arxeologiya ekspeditsiyasi doirasida amalga oshirilmoqda.
Ekspeditsiya ishtirokchilari asl topilmalarni Qirg‘izistondan olib chiqolmagani sababli, Moskvadagi kulollar ularning nusxalarini tayyorlamoqda. Rejaga ko‘ra, kuzda ushbu nusxalar asl buyumlarning fotosuratlari bilan birgalikda ko‘rgazmaga qo‘yiladi.































Izohlar 0
…