Tanzaniyada avtobus va yuk mashinasi to‘qnashuvi oqibatida 28 kishi halok bo‘ldi

Tanzaniyada avtobus va yuk mashinasi to‘qnashuvi oqibatida 28 kishi halok bo‘ldi

Tanzaniyada yo‘lovchi avtobusi va yog‘och ortilgan yuk mashinasining yuzma-yuz to‘qnashishi oqibatida kamida 28 kishi halok bo‘ldi. To‘qnashuvdan keyin avtobusda yong‘in chiqib, transport vositasi butunlay yonib ketgan. Bu haqda Associated Press nashri xabar berdi.

Hodisa 8 oktyabrdan 9 oktyabrga o‘tar kechasi mamlakatning Morogoro viloyatidagi Mkambarani hududida, Morogoro — Dar-es-Salam avtomobil yo‘lida yuz bergan. Dar-es-Salamdan Mbeya shahriga qarab harakatlangan avtobus qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan yog‘och ortilgan yuk mashinasi bilan to‘qnashgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Iringa shahridan Dar-es-Salam tomon ketayotgan yuk mashinasi haydovchisi boshqa transport vositalarini quvib o‘tishga uringan. Biroq manyovr vaqtida avtobus bilan to‘qnashuv sodir bo‘lgan.

Morogoro viloyati yong‘in xavfsizligi va qutqaruv xizmati rahbari vazifasini bajaruvchi Jozef Mvasabejaning ma’lum qilishicha, halok bo‘lganlarning 27 nafari avtobus yo‘lovchilari, yana biri esa yuk mashinasida bo‘lgan.

Hodisa oqibatida jarohatlanganlar ham bor. Ayrim jabrlanuvchilar shifoxonaga yetkazilgan, biroq dastlabki xabarlarda jarohatlanganlarning yakuniy soni ma’lum qilinmagan. Halok bo‘lganlarning ayrimlarini aniqlash uchun ham qo‘shimcha tekshiruvlar o‘tkazilishi kutilmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar