Chilida kuchli sel avtomobillar va avtobusni oqizib ketdi (video)

Chili poytaxti Santyago shahrining Las-Kondes tumanida kuchli yomg‘irdan keyin yuzaga kelgan sel oqimi ko‘chalarni loy va toshlarga to‘ldirdi. Oqim bir nechta avtomobilni, hatto jamoat transporti avtobusini ham sudrab ketdi. Bu haqda Emol xabar berdi.
Hodisa 8 oktyabr kuni San-Karlos-de-Apokindo hududida sodir bo‘lgan. Kuchli yog‘ingarchilik sabab tog‘oldi hududidagi jarliklardan suv, loy va toshlar katta tezlikda pastga oqib tushgan. Sel General Blansh, Kvebrada-Onda, La-Plasa xiyoboni va El-Alba yo‘li atrofidagi hududlarga zarar yetkazgan.
Mahalliy OAV xabarlariga ko‘ra, ayrim ko‘chalarda transport harakati to‘xtatilgan, turar joylar, savdo nuqtalari, ta’lim muassasalari va tibbiyot maskanlariga ham suv hamda loy kirgan.
Kuchli yog‘ingarchilik oqibatida kamida olti kishi jarohatlangan. Ular orasida bir yoshli bola ham bor. Shuningdek, mingdan ortiq kishi qutqaruvchilar tomonidan xavfsiz joyga olib chiqilgan yoki boshqa yordam olgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, halok bo‘lganlar va bedarak yo‘qolganlar haqida xabar berilmagan.
Chili rasmiylari Las-Kondes tumanida favqulodda ofat holatini e’lon qilgan. Mamlakatning boshqa bir qator hududlarida ham ko‘chki va sel xavfi sabab yuqori darajadagi ogohlantirish e’lon qilingan.
Mahalliy OAV ma’lumotiga ko‘ra, Tobalaba hududida yog‘ingarchilik miqdori 146 millimetrga yetgan. Mutaxassislar kuchli yomg‘ir tuproqni suvga to‘yintirib, jarlik va suv yo‘llarida oqimning keskin kuchayishiga sabab bo‘lganini ta’kidlamoqda.






























Izohlar 0
…