«Miss Universe — 2026» g‘olibasi aniqlandi: ilk bor ona tojni qo‘lga kiritdi (video)

«Miss Universe — 2026» xalqaro go‘zallik tanlovining 75-mavsumi 24 noyabr kuni Puerto-Rikoning San-Xuan shahrida bo‘lib o‘tdi. Unda dunyoning turli mamlakat va hududlaridan 116 nafar ishtirokchi bosh sovrin uchun kurashdi. Yakuniy natijalarga ko‘ra, mezbon hudud vakilasi, 27 yoshli Jennifer Barreto tanlov g‘olibasiga aylandi. Bu haqda "Business Insider" xabar berdi.
Barreto tojni «Miss Universe — 2025» g‘olibasi, meksikalik Fatima Boshdan qabul qilib oldi. Bu g‘alaba Puerto-Riko uchun ham tarixiy ahamiyatga ega bo‘ldi. Mamlakat vakilasi 2006 yildan beri ilk bor xalqaro tanlov tojini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, Jennifer Barreto o‘z mamlakatida o‘tkazilgan «Miss Universe» tanlovida g‘olib bo‘lgan ikkinchi ishtirokchi sifatida qayd etildi.

Jennifer Barreto kim?
Jennifer Barreto 27 yoshda. U psixologiya yo‘nalishi bo‘yicha bakalavr, shuningdek, psixologiya va ijtimoiy ish yo‘nalishlarida magistrlik darajalariga ega. Uning ta’limi travma bilan ishlash, bolalarni himoya qilish, oiladagi zo‘ravonlikning oldini olish va jamoalar xavfsizligini ta’minlash kabi yo‘nalishlarni ham qamrab oladi.
Barreto 2021 yildan AQSH armiyasi tizimida faoliyat yuritgan. U Texasdagi Fort-Kavasos harbiy bazasida Family Advocacy Program dasturi doirasida oilaviy zo‘ravonlik va bolalarga nisbatan shafqatsiz munosabatdan jabrlanganlarga yordam ko‘rsatgan. Shuningdek, harbiy oilalar bilan ishlash, inqirozli vaziyatlarning oldini olish va mutaxassislarni tayyorlash bilan shug‘ullangan.
Yangi «Miss Universe»ning g‘alabasi yana bir jihati bilan e’tiborga molik. Jennifer Barreto turmush qurgan va farzandli. U «Miss Universe» tarixida ona bo‘lgan ilk g‘oliba sifatida qayd etildi. Tanlov qoidalaridagi o‘zgarishlar turmush qurgan va farzandli ayollarga ham ishtirok etish imkonini bergan.
Ma’lumot uchun, Puerto-Riko «Miss Universe» tarixida oltinchi bor g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Avvalroq mamlakat vakilalari 1970, 1985, 1993, 2001 va 2006 yillarda ushbu nufuzli tanlovda g‘olib bo‘lgan.
Keyingi yangilik

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…