AQSHdagi mashhur attraksionda bir kishi halok bo‘ldi

AQSHdagi mashhur attraksionda bir kishi halok bo‘ldi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Jorjiya shtatidagi Six Flags Over Georgia ko‘ngilochar bog‘ida rolikli attraksion bilan bog‘liq hodisa oqibatida bir kishi halok bo‘ldi va bir necha kishi jarohatlandi.
  • Voqea 12 oktyabr kuni Atlanta shahri yaqinidagi bog‘da sodir bo‘lgan, ammo o‘lim sababi va jarohatlar tafsilotlari hozircha rasman ma’lum qilinmagan.
  • Kobb okrugi politsiyasi hodisa yuzasidan tergov olib bormoqda va Goliath attraksioni bilan bog‘liq evakuatsiya tasvirlangan videolar tarqalgan.

AQSHning Jorjiya shtatidagi mashhur Six Flags Over Georgia ko‘ngilochar bog‘ida rolikli attraksion bilan bog‘liq hodisa yuz berdi. Oqibatda bir kishi vafot etdi, yana bir necha kishi jarohatlandi. Bu haqda Associated Press xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, voqea 12 oktyabr kuni Atlanta shahri yaqinidagi bog‘da sodir bo‘lgan. Hozircha halok bo‘lgan shaxsning o‘limiga nima sabab bo‘lgani va boshqa tashrif buyuruvchilar qanday jarohat olgani haqida rasmiy ma’lumot berilmagan. Hodisa yuzasidan Kobb okrugi politsiyasi tergov olib bormoqda.

Six Flags ma’muriyati mahalliy hokimiyat va huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik qilayotganini ma’lum qildi. Kompaniya vakili yuz bergan voqeadan chuqur qayg‘uda ekanini bildirib, hodisadan jabrlangan tashrif buyuruvchilar va xodimlarga yordam ko‘rsatilayotganini aytgan.

Rasmiylar hodisa aynan qaysi attraksionda sodir bo‘lganini hozircha tasdiqlamagan. Biroq mahalliy telekanallar 2006 yilda ishga tushirilgan Goliath rolikli attraksionidan yo‘lovchilar evakuatsiya qilinayotgani aks etgan videolarni namoyish etgan.

Bog‘ning rasmiy saytida keltirilishicha, Goliath soatiga 113 kilometr tezlikkacha chiqadi va 61 metr balandlikka ko‘tariladi. Attraksiondagi sayohat taxminan 3,5 daqiqa davom etadi.

Kobb okrugi komissarlari kengashi raisi Liza Kyupid marhumning yaqinlariga hamdardlik bildirgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, oila a’zolariga fojia haqida xabar berilgan.

Associated Press ma’lumotiga ko‘ra, ushbu voqea Six Flags Over Georgia bog‘idagi kamida yettinchi o‘lim holati bo‘lishi mumkin. 2006 yilda ham Goliath attraksionida uchgan erkakning yurak xurujiga uchragani taxmin qilingan.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar