Eronlik «Qora beva» 11 erini o‘ldirishda ayblanmoqda

Eronda 56 yoshli Kolsum Akbariy 22 yil davomida 11 nafar turmush o‘rtog‘ini zaharlab o‘ldirishda ayblanmoqda. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u yoshi katta erkaklarga turmushga chiqib, ularning mol-mulki va pullarini qo‘lga kiritish maqsadida jinoyat sodir etgan. Ayol esa qurbonlar soni 13 yoki hatto 15 nafargacha bo‘lishi mumkinligini aytgan, biroq aniq raqamni eslay olmasligini bildirgan.
Akbariyning jinoiy faoliyati 2000 yilda boshlanib, 2023 yilgacha davom etgan. U Eronning Mozandaron viloyatidagi turli shaharlarda yolg‘iz va yoshi katta erkaklar bilan tanishib, ularga turmushga chiqqan. Erkaklarning keksa yoshi va salomatligi zaifligi sababli, ularning o‘limi dastlab tabiiy sabablar bilan bog‘langan. Shu tariqa ayol uzoq yillar davomida shubha uyg‘otmasdan harakat qilgan.
«Qancha odamni o‘ldirganimni aniq bilmayman»
Tergov paytida Akbariy qurbonlari soni haqida shunday degan:
«Qancha odamni o‘ldirganimni bilmayman. Balki 13 yoki 15 nafar bo‘lishi mumkin. Aniq eslay olmayapman».
Ayol birinchi marta 18 yoshida turmushga chiqqan. Birinchi nikohi uzoq davom etmagan, ikkinchi turmush o‘rtog‘i esa o‘zidan ancha katta bo‘lib, uni doimiy ravishda kaltaklagan va kamsitgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ikkinchi eri vafotidan keyin Akbariyning qotilliklari boshlangan.
U yoshi katta, yolg‘iz erkaklarga turmushga chiqishga tayyorligini aytib yurgan. Bo‘lajak turmush o‘rtoqlarining moliyaviy ahvolini o‘rgangach, katta miqdordagi sep yoki to‘lovlar evaziga nikohga rozi bo‘lgan.
Erlarini zaharlab, mol-mulkini qo‘lga kiritgan
Ayblovga ko‘ra, Akbariy turmushga chiqqanidan ko‘p o‘tmay, erlariga qon bosimi va diabetga qarshi dorilar, tinchlantiruvchi vositalar hamda sanoat spirtini bergan. Agar zaharlash natija bermasa, ayrim hollarda yostiq yordamida ularni bo‘g‘ib o‘ldirishga uringan.
2013 yilda ayolga turmushga chiqqan 69 yoshli Mirahmad Omroniy bir oydan keyin vafot etgan. 2016 yilda u bilan oila qurgan 62 yoshli Ismoil Baxshiy ikki oydan so‘ng hayotdan ko‘z yumgan. 83 yoshli Ganjali Hamzey esa nikohdan 43 kun o‘tib vafot etgan.
Akbariyning Maseh Nemati ismli turmush o‘rtoqlaridan biri 2020 yildagi zaharlash urinishidan omon qolgan. Biroq u politsiyaga murojaat qilmasdan, ayolni uyidan chiqarib yuborish bilan cheklangan.
So‘nggi qurbonning o‘g‘li jinoyatni fosh qildi
Akbariyning jinoyatlari 2023 yilda, uning so‘nggi turmush o‘rtog‘i — 82 yoshli G‘ulomrizo Boboiy vafotidan keyin fosh bo‘la boshlagan. Marhumning o‘g‘li tanishidan otasi ilgari Kolsum ismli ayol bilan turmush qurgani va u bir vaqtlar uni zaharlashga uringani haqida eshitgan. Ayolni ko‘rgach, uni tanib, politsiyaga xabar bergan.
Dastlab ayblovlarni rad etgan Akbariy keyinchalik jinoyatlarini tan olgan. Biroq u qurbonlar soni haqida turlicha ko‘rsatmalar bergan.
Ayolga o‘lim jazosi tayinlanishi mumkin
Kolsum Akbariyga 11 ta qasddan odam o‘ldirish va yana bir kishini o‘ldirishga suiqasd qilish bo‘yicha ayblovlar qo‘yilgan. Agar sud uni aybdor deb topsa, unga nisbatan o‘lim jazosi tayinlanishi mumkin.
Ish bo‘yicha 45 nafardan ortiq da’vogar, jumladan, marhumlarning merosxo‘rlari ishtirok etmoqda. Prokurorlar fikricha, ayolning asosiy maqsadi erlarining mol-mulki va pullarini qo‘lga kiritish bo‘lgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mablag‘larning katta qismi uning qizi nomiga rasmiylashtirilgan.
Sud barcha da’vogarlarning ko‘rsatmalarini tinglab, ish jarayonlari yakunlanganidan keyin hukm chiqarishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…