Xorazmda bir oiladan 4 kishi vafot etdi: sabab — salatmi?

Xorazmda bir oiladan 4 kishi vafot etdi: sabab — salatmi?

Xorazm viloyatining Bog‘ot tumanida bir oilaning to‘rt a’zosi — ona va uning uch nafar voyaga yetmagan qizi vafot etdi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ular bir kun avvalgi tug‘ilgan kundan qolgan salatni iste’mol qilganidan keyin o‘zlarini yomon his qilgan.

Fojia qanday sodir bo‘lgan?

Ma’lumotlarga ko‘ra, oilada fojiadan bir kun oldin tug‘ilgan kun nishonlangan. Tadbirdan keyin qolgan oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, uyda tayyorlangan salat ertasi kuni iste’mol qilingan. Shundan so‘ng oila a’zolarida zaharlanish belgilari kuzatilgan.

«Kun.uz» nashrining mahalla raisiga tayanib xabar berishicha, o‘sha paytda ayolning turmush o‘rtog‘i uyda bo‘lmagan. Salatlarni ayolning o‘zi tayyorlagani aytilmoqda.

Vafot etgan uch nafar qizdan eng kattasi 7 yoshda bo‘lgan. Oilada boshqa farzand bo‘lmagani ma’lum qilingan.

Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Fojia sabablarini aniqlash uchun sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Tekshiruv ishlariga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Sog‘liqni saqlash boshqarmasi hamda sanitariya-epidemiologiya xizmati mutaxassislari jalb etilgan.

Mazkur holat bo‘yicha 10 oktyabr kuni Jinoyat kodeksining iste’molchilar hayoti yoki sog‘lig‘i xavfsizligi talablariga javob bermaydigan mahsulotlar bilan bog‘liq, odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan qilmishni nazarda tutuvchi moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ayni vaqtda tergov harakatlari davom etmoqda. Oila a’zolarining o‘limiga aynan nima sabab bo‘lgani ekspertiza va tergov natijalari orqali aniqlanishi kutilmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar