Qozog‘istonda ikkinchi Amur yo‘lbarsi yovvoyi tabiatga qo‘yib yuborildi (video)

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- 31 oktyabr kuni Qozog‘istonning «Ile-Balxash» davlat tabiat rezervatida Amur nomli erkak yo‘lbars yovvoyi tabiatga qo‘yib yuborildi.
- U mamlakatda yo‘lbarslar populyatsiyasini tiklash dasturi doirasida tabiatga qaytarilgan ikkinchi jonivor bo‘lib, unga harakatlarini kuzatish uchun sun’iy yo‘ldosh tizimiga ulangan bo‘yinbog‘ taqilgan.
- Dastur doirasida 31 iyul kuni qo‘yib yuborilgan Үmid nomli urg‘ochi yo‘lbars yangi hududga muvaffaqiyatli moslashgan.
31 oktyabr kuni Qozog‘istonning «Ile-Balxash» davlat tabiat rezervatida Amur nomli erkak yo‘lbars yovvoyi tabiatga qo‘yib yuborildi. U mamlakatda yo‘lbarslar populyatsiyasini tiklash dasturi doirasida tabiiy muhitga qaytarilgan ikkinchi yo‘lbars bo‘ldi.
Yo‘lbars tabiatga qo‘yib yuborilishidan avval mutaxassislar nazoratidagi maxsus moslashuv volerida saqlangan. Veterinarlar uning sog‘lig‘i, xulq-atvori, mustaqil ov qilish qobiliyati va insonlar borligiga munosabatini tekshirgan. Sinovlar natijasida Amurning yovvoyi tabiatda mustaqil yashashga tayyorligi tasdiqlangan.
Hayvonning keyingi harakatlarini kuzatib borish uchun unga sun’iy yo‘ldosh tizimiga ulangan maxsus bo‘yinbog‘ taqilgan. Bu orqali mutaxassislar uning qayerda harakatlanayotgani va yangi muhitga qanday moslashayotganini nazorat qilib boradi.
Dastur doirasida birinchi bo‘lib, 31 iyul kuni Үmid (Umid) nomli urg‘ochi yo‘lbars tabiat qo‘yniga qo‘yib yuborilgan edi. Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, u yangi hududga yaxshi moslashgan va mustaqil ov qilmoqda. Qozog‘istonga olib kelingan yana ikki yo‘lbars bolasi esa hozircha mutaxassislar nazoratida qolmoqda. Ular yetarli yoshga yetgach va zarur sinovlardan o‘tgach, tabiatga qo‘yib yuborilishi mumkin.
Qayd etilishicha, yo‘lbarslar Qozog‘iston hududida 70 yildan ortiq vaqt davomida yovvoyi tabiatda uchramagan. Bu yerlarda tarixan Turan yo‘lbarsi yashagan, biroq o‘tgan asr o‘rtalaridan boshlab brakonerlik, tabiiy yashash muhitining buzilishi va ozuqa bazasining qisqarishi oqibatida ular yo‘qolib ketgan.
Hozirda mamlakatda yo‘lbarslarning tarixiy yashash hududida populyatsiyasini tiklash dasturi amalga oshirilmoqda. Buning uchun genetik jihatdan Turan yo‘lbarsiga yaqin bo‘lgan Amur yo‘lbarslari tanlangan. Dastur faqat hayvonlarni tabiatga qo‘yib yuborish bilan cheklanmay, ularning yashash muhitini tiklash va ozuqa manbalarini ko‘paytirishni ham qamrab oladi.






























Izohlar 0
…