Toshkentdagi xalqaro futbol turniriga kelgan qozog‘istonlik sportchilar zaharlandi

Toshkentdagi xalqaro futbol turniriga kelgan qozog‘istonlik sportchilar zaharlandi
QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
  • Toshkentda o‘tkazilgan “Do‘stlik Cup 2026” xalqaro futbol festivaliga kelgan qozog‘istonlik yosh futbolchilar mehmonxonada zaharlanib, tibbiy yordamga muhtoj bo‘ldi.
  • 30 oktyabr kuni nonushtadan so‘ng boshlangan zaharlanish alomatlari tufayli ko‘plab sportchilar 1 noyabr kungi final o‘yinlarida qatnasha olmadi.
  • Ota-onalar holatga mehmonxonadagi shved stoli usulida berilgan taomlar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Toshkent shahrida o‘tkazilayotgan “Do‘stlik Cup 2026” xalqaro futbol festivalida ishtirok etish uchun kelgan qozog‘istonlik yosh futbolchilardan bir nechtasi mehmonxonada zaharlandi. Bu haqda “Kazinform” axborot agentligi xabar berdi.

Musobaqaga farzandi bilan birga kelgan onalardan birining ma’lum qilishicha, zaharlanishning dastlabki alomatlari 30 oktyabr kuni nonushtadan keyin kuzatila boshlangan.

“31 oktyabrga o‘tar kechasi bolalarning yarmida harorat ko‘tarilib, ich ketishi va qayt qilish boshlandi. Bir kechaning o‘zida 11 kishi yotib qoldi. Mening o‘g‘lim ham kasal bo‘ldi: unda harorat va ich ketishi kuzatildi. Keyinchalik xuddi shunday alomatlar boshqa jamoalardagi bolalarda ham paydo bo‘ldi”, — deydi sportchining onasi Gulnur.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 1 noyabr kuni ko‘plab yosh futbolchilar o‘zlarini yomon his qilgani sababli final uchrashuvlarida ishtirok eta olmagan. Ota-onalarning taxminicha, zaharlanishga mehmonxonadagi ovqatlar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. U yerda shved stoli usulida nonushta tashkil etilgan bo‘lib, ishtirokchilarga tuxum, sosiska va boshqa taomlar taklif qilingan.

Vaziyat yuzasidan Qozog‘iston Tashqi ishlar vazirligi ham rasmiy munosabat bildirdi.

“Qozog‘iston TIVga Toshkentdagi 'Do‘stlik Cup 2026' xalqaro futbol festivalining bir qator ishtirokchilari salomatligi to‘satdan yomonlashgani bilan bog‘liq hodisa ma’lum. Tibbiy yordamga muhtoj barcha Qozog‘iston fuqarolari O‘zbekiston Respublikasining ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalariga yotqizilgan va ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda”, — deyiladi idora xabarida.

Vazirlik, shuningdek, qozog‘istonlik diplomatlar jabrlanganlarning yaqinlari va tibbiyot muassasalari bilan doimiy aloqada bo‘lib turganini, vaziyat esa muntazam nazorat qilinayotganini ma’lum qildi.

Futbolchilardan birining onasi aytishicha, sog‘lig‘i barqaror bo‘lgan ishtirokchilar uchun avval rejalashtirilgan poyezddagi safar o‘rniga samolyotda Qozog‘istonga qaytish tashkil etilmoqda. Ayrim oilalar esa farzandlarining ahvoli va boshqa sabablarga ko‘ra hozircha Toshkentda qolmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar