
Yaqinda yer yuzidagi eng yosh va shu bilan birga eng xavfli deb hisoblangan britaniyalik 18 yoshli qiz Safaa Bular sud hukmiga ko‘ra bir umrlik qamoq jazosiga mahkum etildi. To‘g‘ri, hozir bu qiz 18 yoshda. Ammo 13 yoshidayoq dunyoda faoliyati taqiqlangan «IShID» jangarilar guruhining to‘laqonli a’zosi bo‘lgan. Shu bilan bir qatorda Londondagi «jihodchi» kallakesarlarning ishongan jangarisiga aylanib ulgurgan. Sud bu qizni ikkita yirik terror harakatlarini sodir etishga tayyorgarlik ko‘rganlikda aybladi. Birinchisi, Bular Suriyada tinch aholi orasiga kirib o‘zini o‘zi portlatib yubormoqchi bo‘lgan. Ammo guruh yetakchilari Suriyagacha yetib bora olmasligini, qo‘lga tushib qolishini oldindan sezgan holda rejani o‘zgartirishgan. Endi qiz Britaniya muzeyida terror harakati sodir etishi belgilab qo‘yilgan. Dahshatlisi, Bularning onasi ham, opasi ham terror guruhi a’zosi hisoblanishadi. Politsiyachilar ularni ham qo‘lga olgan. Xayriyat.

Sud majlisiga Bular g‘arbona kiyimda kirib keldi. Va sud jarayoni davomida barcha yovuz niyatlaridan, rejalaridan voz kechganini aytib qasam ichdi. Advokatlari Bular yoshlik qilib qo‘yganini, miyasi zaharlanganini ta’kidlashdi. Biroq sudya Mark Dennis bu qiz jamiyat uchun o‘ta xavfli terrorchiligicha qolishini aytib o‘tdi va uning qasamiga ham, advokatlarning gapiga ham ishonib o‘tirmadi.
— Bular nima qilayotganini chuqur anglagan holda harakatlar sodir etgan, — dedi sudya. — 13 yoshida mustaqil qaror chiqarish qo‘lidan kelardi. Demak, hech kim uning miyasini zaharlagan emas. Uning o‘zi xohlab kallakesarlar safiga qo‘shilgan. Uning to‘g‘ri yo‘lga qaytganini isbotlovchi dalillar ham yo‘q. Demak, bu gaplari, ichgan qasami soxta. Jazodan qutulib qolish uchungina bu gaplarni o‘ylab topgan…
Ha, Bular 2012 yili, deyarli 13 yoshida haromi jangarilar safiga qo‘shilgan. O‘shanda onasi ham ekstremistik g‘oyalarni astoydil targ‘ib qilish, kallakesarlik amallarini ado etish ilinjida yelib-yugurish bilan band edi. Oradan ikki yil o‘tgach, Bularning opasi Rizleyn ham terrorchiar safidan joy olgan.

2015 yili Parijda sodir etilgan terror harakatidan so‘ng internet orqali britaniyalik jangari Navid Husayn bilan tanishib qoldi. U Koventri grafligida istiqomat qilardi. Biroq ayni o‘sha vaqtlarda Suriyada edi. Oradan bir yil o‘tgach, yoshi o‘zidan ikki hissa ulug‘ Husaynni sevib qolganini his etdi. Muhabbatini isbotlash uchun Husaynning yoniga — Suriyaga jo‘nab ketishga harakat qilib ko‘rdi. Uddasidan chiqa olmadi. Sababi, o‘shandayoq Angliya xavfsizlik xizmati xodimlarining ta’qibi ostida edi.
Husayn internet orqali uni London shahrida terror harakati uyushtirishga unday boshladi. Shu jarayonda u o‘zining xavfli rejalarini beixtiyor oshkor etib qo‘ydi. Angliya maxsus xizmati xodimlari Husaynni o‘ziuchar dron yordamida yo‘q qilishdi. Shundan keyin Bular terror harakatlariga hozirlikni o‘zi mustaqil tarzda davom ettirishga qaror qildi.

Go‘yo Husaynning komandiri sifatida o‘zini tanishtirgan ingliz agentiga u ham rejalarini so‘zlab berdi. Aytdiki, Londondagi terror harakatini o‘qotar qurol hamda granatalar ko‘magida amalga oshirarkan. Bu gaplaridan so‘ng Bular qo‘lga olindi va SIZO ga tashlandi. Qarangki, turmada o‘tirib ham tinchlana olmadi. Opasi bilan maktub orqali muloqot qilib, terror harakatini amalga oshirishga undayverdi.
Nihoyat xavfli jangarilar, dahshatlisi, ayollardan iborat terrorchilar qamaldi. Ularning yovuz niyatlari amalga oshmay qoldi.
Bularning opasi, 22 yoshli Rizleyn ham bir umrlik qamoq jazosiga hukm etilgan. Onasi esa 6 yil-u 9 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgan.
Manba: Hordiq.uz
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar