date
views 4 225

Zamonamiz qirollari

Zamonamiz qirollari
Men: “Siz Eron shohi Kisro, Vizantiya imperatori Gerakl va Misr qiroli Firʼavn hayotidan koʻra farovonroq hayotnda yashamoqdasiz!” – desam ishonmaysiz. Biroq, bu – haqiqatdir!!!

Chunki Firʼavn ega boʻla olgan eng yaxshi naqliyot vositasi ot sudrab yuradigan arava edi! Siz esa xususiy mashinangiz boʻlishiga qaramay, poyezdga oʻtirishingiz yoki uchoqdagi bironta oʻrindiqqa buyurtma berishingiz mumkin!

Eron imperatori saroyini sham va moyli chiroqlar bilan yoritgan boʻlsa, siz uyingizni qahrabo bilan yorityapsiz!

Vizantiya imperatori meshkobchilar meshlarda olib kelgan suvni isteʼmol qilar edi. Siz esa xonadoningizgacha tortilgan quvurlar orqali joʻmrakka chiqayotgan suvni ichyapsiz!

Imperator Vilgelmning masxarabozlari bor edi… Siz oynai jahonda millionlab masxarabozlarni koʻrish bilan koʻngilxushlik qilyapsiz!

Lyudovik XIV ning fransuz oshxonasining eng tansiq taomlarini tayyorlab beradigan bittagina mohir oshpazi bor edi! Siz oʻtirgan uyning past qavatlarida esa xitoy, olmon va yapon oshxonalari, qaynatilgan yoki qovurilgan goʻsht mahsulotlari, tuzlama, murabbo, quyuq murabbo (djem) va boshqa shirinliklar sotiladigan doʻkonlar bor.

Avgustdagi jazirama issiq taftini paysaytirish uchun, qullar, xalifani tuyaqushning patlaridan tayyorlangan yelpigʻich bilan yelpishardi. Sizning uyingizda esa, yelpigʻichlar oʻrniga, qahrabo tugmachasiga barmoqlaringiz tegishi bilanoq uyingizdagi havoni soʻlimgohga aylantiradigan sovutgichlar bor!

Siz – qirolsiz! Yashab oʻtgan barcha imperatorlar sizga qiyoslanganida yumronqoziq hayotini yashagandek boʻlib koʻrinishadi.

Biroq, biz juda ham ahmoq qirollarmiz. Shuning uchun boʻlsa kerak, ichida suzib yurganimiz ushbu neʼmatlar bilan ham baxtiqaromiz.

Bitta mashinasi boʻlgan birodarimiz, ikkita mashinasi boʻlgan odamga hasad bilan qaraydi.

Ikkita mashinasi boʻlgani esa ichi yonib yigʻlaydi. Chunki, qoʻshnisining samolyoti bor.

Samolyoti boʻlgan esa Onanisga oʻlgudek hasad qilib boʻzlaydi. Chunki, Onanisning aeroporti bor.

Nozanin rafiqasi boʻlgan erkakning koʻzi esa, qoʻshnisining xotinida!

Oxiri, birimiz boshqasining molini hasad va gina bilan oʻmarsak, boshqalarimiz birovlarni oʻldirmoqda!!

Shunday farovonlik boʻlishiga qaramay atom bombasini otmoqdamiz. Oʻz uyimizga oʻz qoʻlimiz bilan oʻt qoʻymoqdamiz. Keyin esa: Ijtimoiy adolat yoʻq, – deya hayqirmoqdamiz. Talabalar dorulfununlarni, ishchilar esa korxonalarni vayron qilishmoqda.

Boʻlib oʻtgan (talaygina) urushlarga adolat emas, gina va adovat sabab boʻlgan. Shaxslar uchun naqadar farovonlik yaratilmasin, bir-birlarini oʻldiraverishgan. Chunki har bir shaxs oʻz qoʻlidagi narsalarga emas, boshqalarning qoʻlidagi narsalarga qaragan! Holbuki, odamlar (xususiy mulkda) hech qachon teng boʻla olmaydilar!

Maoshingiz ikki baravariga oshirilsa, maoshi uch baravar oshirilgan odamga qaraysiz va achchiqlanasiz, oʻzingizni bosa olmaysiz va alamingizga chiday olmay “toʻpponcha” sotib olasiz.

Biz qirollardek yashamoqdamiz… Bu, toʻgʻri… Lekin, hanuz hayvonot tuygʻulari bilan fikr yuritmoqdamiz.

Taraqqiyotimiz madaniydek koʻrinsada, madaniyat nuqtai nazaridan qoloqmiz.

Odamzot farovonligi yuksaldi, biroq, sevgi va shafqat koʻrsatishda sinfda qoldi.

Siz qirolsiz!.. Bu, toʻgʻri... Biroq, qirollarning eng baxtiqarosisiz!

Ozgina oʻylab koʻring va vaqt oʻtishidan ilgari hushingizni toʻplang!

Ustimizdan yogʻilgan Allohning neʼmatlarini bilaylik va ular uchun Alloh taologa koʻplab hamdu sanolar aytaylik. Boshqalarning xalqlarni yemirgan gina va adovatlariga qaramaylik…
“Qurʼon qalblar shifosi” kanalidan

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Zamonamiz qirollari