Yunusobodda janjallashgan o‘quvchilarning ota-onalariga chora ko‘rildi

Yunusobodda janjallashgan o‘quvchilarning ota-onalariga chora ko‘rildi

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida maktab o‘quvchilari o‘rtasida janjal yuz berdi. Holat yuzasidan voyaga yetmaganlarning ota-onalariga nisbatan ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ma’lumotiga ko‘ra, voqea 7 sentyabr kuni soat 13:20 larda o‘quvchilar darsdan so‘ng uylariga qaytayotgan vaqtda “Shoshtepa” mahallasidagi ko‘p qavatli uylar oldida sodir bo‘lgan.

Qayd etilishicha, 2009 yilda tug‘ilgan uch nafar va 2011 yilda tug‘ilgan bir nafar o‘quvchi o‘zaro tortishib qolgan. Janjal vaqtida jamoat tartibi buzilgan. Voqea joyida bo‘lgan boshqa o‘quvchilar aralashib, vaziyatni tinchlantirgan va janjalning yanada jiddiy tus olishiga yo‘l qo‘ymagan.

Holat yuzasidan o‘quvchilar tahsil olayotgan maktabda ular, ota-onalari hamda maktab rahbariyati ishtirokida muhokama o‘tkazilgan. Tadbirda tuman IIO FMB boshlig‘i, polkovnik Mahkam Vafoyev ham qatnashgan.

Muhokama yakunlariga ko‘ra, jamoat tartibini buzgan voyaga yetmaganlarning ota-onalariga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi — bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaslik asosida ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar