
Foto: Takashi Aoyama / Getty Images
Yaponiyada uy qamog‘ida ushlangan Nissan’ning sobiq rahbari Karlos Gon Kunchiqar mamlakatdan musiqa asbobi g‘ilofida olib chiqib ketilgan. Uning Livanga qochishini xususiy harbiy kompaniya xodimlari amalga oshirgan. Bu haqda Livanning MTV telekanaliga iqtibos keltirgan holda Gulf News nashri xabar berdi.
Gon Yaponiyani 30 dekabrda tark etishga muvaffaq bo‘lgan. Uning Tokiodagi uyiga yollanma shaxslar guruhi yangi yil bilan tabriklash bahonasida musiqachilar ko‘rinishida kirib, uni musiqa asbobi g‘ilofida olib chiqib ketishgan. Yaponiya xavfsizlik xodimlari esa shubhali hech narsa sezishmagan.
So‘ngra Gon kichikroq aeroportga olib borilib, u yerdan Turkiyaga, so‘ngra xususiy samolyotda Livanga uchib ketgan. Gon Yaponiya chegarasini qonuniy ravishda kesib o‘ta olmagan, chunki uning Livan, Fransiya va Braziliya pasportlari uning advokatlarida bo‘lgan.
Ma’lum qilinishicha, Livanda Gon prezident Mishel Naim Aun bilan uchrashib, davlatdan xavfsizlik kafolatini olgan. Ta’kidlanishicha, Livan fuqaroligiga ega bo‘lgan Nissan’ning sobiq rahbari Livanda katta hurmatga ega. Bundan tashqari, Livan va Yaponiya o‘rtasida ekstraditsiya haqida kelishuv yo‘q.
Gonning o‘zi 31 dekabrda Livanda ekanligini tasdiqlagan va “adolatsiz yapon sudi asirida boshqa qolishni istamagani”ni aytgan.
Yaponiyada moliyaviy firibgarliklarda ayblangan Gon 2018 yil kuzida hibsga olinib, 2019 yil martida garov puli evaziga ozodlikka chiqarilgan. Unga Yaponiyani tark etish va rafiqasi bilan muloqot qilish taqiqlangan edi. U Yaponiyada 80 mln dollarlik daromadni yashirishda ayblanmoqda. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar