20:44 / 08.09.2020
2 422

«Men shunchaki ketmayman» – Lukashenko rossiyalik jurnalistlarga katta intervyu berdi

«Men shunchaki ketmayman» – Lukashenko rossiyalik jurnalistlarga katta intervyu berdi
© RIA Novosti / Belarus Respublikasi prezidenti matbuot xizmati
Seshanba kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko saylov va namoyishlarning qattiqqo‘llik bilan bostirilishi voqealaridan keyin ilk marta katta intervyu berdi. U intervyu davomida prezidentlik lavozimida ko‘p vaqt qolib ketgan bo‘lishi mumkinligini tan olgan.

8 sentabr kuni Minskda, Aleksandr Lukashenkoning Mustaqillik saroyidagi qarorgohiga Rossiya nashrlari vakillari - «VGTRK» (Butunrossiya davlat televizion va radiouzatuv kompaniyasi) korrespondenti Yevgeniy Rojkov, Russia Today bosh muharriri Margarita Simonyan, «Perviy kanal» korrespondenti Anton Vernitskiy va «Govorit Moskva» radiostansiyasi bosh muharriri Roman Babayan prezidentdan intervyu olish uchun kelishdi.

«Ko‘proq o‘tirib yubordim, ammo...»
Intervyu davomida Lukashenkodan Belarusdagi namoyishlar sababi haqida so‘ralgan. U esa asosiy sabab tashqi kuchlar ta’siri ekanini aytib, amerikaliklarni mamlakat ishlariga aralashishda ayblagan. Shu bilan birgalikda, belaruslarning noroziliklariga ichki sabablar ham borligini tan olgan.

«Ha, balki, men biroz ko‘proq o‘tirgandirman. Ehtimol, meni nafaqat televizordan ko‘rsatishgan, balki dazmol va choynakdan ham chiqib kelavergandirman. Ammo, chindan hozirda belaruslarni faqat men himoya qila olaman», deya Lukashenkoning so‘zlarini keltirgan «Govorit Moskva».

Lukashenko namoyishlarning yana bir sababi sifatida Belarusda ikkita yangi avlod paydo bo‘lgani va «burjuylarning kichik sinfi hokimiyatga intilayotgani»ni keltirgan.

U rossiyalik jurnalistlarga o‘z postini «shunchaki» tark etmasligini ma’lum qilgan.
«Men shunchaki ketmayman. Men chorak asr mobaynida Belarusni barpo etdim. Barchasini shunchaki tashlab ketmayman. Qolaversa, agar men ketsam, tarafdorlarimni qirg‘in qilishadi», degan Lukashenko.

Belarus yetakchisi Konstitutsiyani isloh qilishga tayyorligini aytib o‘tgan.
«Biz Konstitutsiya islohotlari o‘tkazishga tayyormiz, undan keyin muddatidan avvalgi prezidentlik saylovlari o‘tkazilishi mumkinligini ham istisno etmaymiz», degan u.

Lukashenko avvaldan konstitutsion islohotlari o‘tkazilishi tarafdori bo‘lib keladi. U bir yil muqaddam bergan intervsida o‘z vorisiga hokimiyat tarmoqlari o‘rtasidagi vakolatlar qayta taqsimlangan Konstitutsiya qoldirishni istashi haqida gapirgandi. 2020 yil iyunida Lukashenko yangi Konstitutsiya ikki yil ichida tayyor bo‘lishi mumkinligini aytdi.

Uning bu tashabbusi Moskvada ham qo‘llab-quvvatlangan. Rossiya Federatsiyasi TIV rahbari Sergey Lavrov konstitutsion islohotlarni Belarusdagi vaziyatni barqarorlashtirishning optimal formati deb atagan.

Kolesnikovaning qo‘lga olinishi «qonuniy bo‘lgan»
Lukashenko Mariya Kolesnikova bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha ham izoh berdi. Svetlana Tixanovskayaning yaqin safdoshi, Belarus muxolifati muvofiqlashtirish kengashi prezidiumi raisi bo‘lgan Kolesnikova dushanba tongida yo‘qolib qoldi, ko‘p vaqt davomida u qayerdaligi noma’lumligicha qoldi, seshanba tongida esa Belarus rasmiylari Kolesnikova respublika hududini noqonuniy tark etishga uringani, u Ukraina bilan chegarada qo‘lga olingani haqida ma’lumot tarqatildi.

«Interfaks-Ukraina» esa Kolesnikovani zo‘rlik bilan Belarusdan olib chiqishga urinish bo‘lgani, ammo u bu sodir bo‘lmasligi uchun pasportini yirtib tashlagani haqida xabar tarqatdi.

Lukashenko intervyu vaqtida Kolesnikova Ukrainaga singlisini ko‘rish uchun bormoqchi bo‘lgani haqida gapirgan.
«Uni tartib-taomilga ko‘ra qo‘lga olishgan», - degan Lukashenko.

Mariya Kolesnikovaning otasi esa Lukashenkoning bu so‘zlariga javoban uning qizi hech qachon Ukrainaga yoki boshqa joyga ketishni istamaganini aytdi: «Mariya hamisha shunday derdi: «Ota, nima bo‘lmasin men Belarusda qolaman». Bu uning prinsipial pozitsiyasi edi». Aleksandr Kolesnikov shu vaqtgacha qizi bilan gaplasha olmayotganini qo‘shimcha qilgan.

© RIA Novosti / Belarus Respublikasi prezidenti matbuot xizmati
«Oshirib yuborishlar bo‘lgan, ammo…»
Jurnalistlar Lukashenkodan saylovdan keyingi aksiyalar vaqtida kuch ishlatar tizimlar namoyishchilarni qo‘lga olishda qattiqqo‘l qilgani haqida so‘rashgan.

VGTRK muxbiri Yevgeniy Rojkovning aytishicha, Lukashenko OMONchilarni ayblash kerak emasligi, «chunki ular mamlakatni blitskrigdan himoya qilishgani» haqida gapirgan.

«Albatta, namoyishchilar, shu jumladan jurnalistlarning kaltaklanishi borasida ham so‘radik. U buni o‘sha vaqtdagi qaynoq hissiyotlar natijasi deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, omonchilarni ayblash noto‘g‘ri, chunki ular mamlakatni blitskrigdan himoya qilishgan. U kuch ishlatishda haddan oshish holatlari bo‘yicha tekshiruv o‘tkazilishi haqida va’da berdi. Ayniqsa jurnalistlar, xususan, rossiyalik jurnalistlarga qo‘llangan zo‘ravonlik holatlari o‘rganiladi», degan Rojkov.

«Muvofiqlashtiruvchi kengash bilan muloqot bo‘lmaydi»
Lukashenko muxolifatchilar tomonidan tuzilgan Muvofiqlashtiruvchi kengash bilan gaplashmasligi, chunki ular kim ekanini bilmasligini aytgan.

Lekin kengash a’zolaridan kamida bir necha nafarini Lukashenko yaxshi taniydi. Masalan, Svetlana Aleksiyevich, u 2015 yilda bu yozuvchini Nobel mukofoti bilan tabriklagandi. Shuningdek, sobiq madaniyat vaziri Pavel Latushkoni ham.

Muvofiqlashtiruvchi kengash a’zolari bir necha marta hukumat vakillari bilan muloqot o‘rnatishga harakat qilganliklari, ammo hech kim rozilik bildirmaganini aytishgan. Lekin ushbu kengash tuzilishi bo‘yicha jinoiy ish ochilgan - bosh prokuratura kengash «hokimiyatni egallash va mamlakat milliy xavfsizligiga zarar yetkazish maqsadida tuzilgani» ma’lum qilingan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Men shunchaki ketmayman» – Lukashenko rossiyalik jurnalistlarga katta intervyu berdi