08:43 / 21.10.2020
1 381

Ekspert fikri: Vaksina dunyoni COVID-19dan qutqaradimi?

Ekspert fikri: Vaksina dunyoni COVID-19dan qutqaradimi?
Foto: «Sputnik»
Britaniya hukumati bosh ilmiy maslahatchisi Patrik Vallansning so‘zlariga ko‘ra, koronavirus vaksinasi Buyuk Britaniyaga 2021 yil bahorigacha yetib kelsa ham katta gap. Hatto, shunda ham COVID-19 butunlay yo‘qolishi amrimahol. Bu haqda «Sky News» telekanali xabar berdi.

Telekanalning ma’lum qilishicha, Vallans Britaniya parlamenti qo‘mitasida so‘zga chiqar ekan, odamzod butunlay yo‘q qilishga erishgan yuqumli kasallik bu chechak ekanligini eslatib qo‘ydi. Koronavirusga kelsak, kelajakda unga qarshi kurash ko‘proq mavsumiy grippga qarshi kurashga o‘xshab ketadi, deb hisoblaydi Britaniya hukumati maslahatchisi.

«Menimcha, bizda chindan ham infeksiyani butunlay to‘xtatadigan sterilizatsiyalovchi vaksina paydo bo‘lishi ehtimoli kam», — dedi Vallans. Uning fikricha, keng jamoatchilik foydalana oladigan vaksina 2021 yil bahorgacha paydo bo‘lishi amrimahol.

«Shubhasiz, vaksinatsiya paydo bo‘lib vaziyat yaxshilanishi ko‘proq har yilgi grippga o‘xshab ketadi», — deya ta’kidlaydi Vallans. — «Ushbu kasallik aylanib yurishi, endemik xarakterga ega bo‘lishi ehtimoldan xoli emas».

So‘nggi haftalarda Buyuk Britaniyada COVID-19 holatlari soni o‘sishi kuzatilmoqda. Mamlakat bosh vaziri Boris Jonson 12 oktabr kuni mahalliy lokdaunning yangi uch bosqichli tizimini e’lon qildi. Dushanba kuni Uels hokimiyati 23 oktabrdan 9 noyabrgacha lokdaun joriy etilishini e’lon qildi: nooziq-ovqat do‘konlari, sport markazlari, mehmonxona va restoranlar yopiladi. Odamlar imkon qadar uydan turib ishlashlari zarur, oilaning turli a’zolari ayrim istisnoli holatlarni hisobga olmaganda xonada ham, ko‘chada ham uchrashishlari mumkin emas.

17 oktabrdan boshlab Londonda qattiq cheklovlar kuchga kirdi, Liverpul va Lankashir grafligida jiddiyroq karantin choralari joriy etildi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)