Moskva aeroporti hojatxonasidan yangi tug‘ilgan chaqaloq va ayolning jasadi topildi

Moskva aeroporti hojatxonasidan yangi tug‘ilgan chaqaloq va ayolning jasadi topildi

Moskvadagi Sheremetevo aeroportining kelib tushish zonasidagi hojatxonadan yangi tug‘ilgan chaqaloq va 30 yoshli ayolning jasadi topildi. Hodisa 2 oktyabr kuni sodir bo‘lgan. Bu haqda Moskva 24 ma’lum qildi.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ayol aeroport hojatxonasida farzandini dunyoga keltirgan. Huquq-tartibot idoralari va OAV xabarlarida chaqaloqning bo‘g‘ib o‘ldirilgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi versiya ilgari surilgan. Biroq bolaning o‘limiga aniq nima sabab bo‘lgani hozircha tergov va ekspertizalar orqali aniqlanmoqda.

Ma’lum qilinishicha, ayol tug‘ruqdan keyin kuchli qon ketishi bilan shifoxonaga olib ketilgan. Shifokorlar uning hayotini saqlab qolishga harakat qilgan, ammo ayol vafot etgan. Ayrim manbalar uning o‘limiga ko‘p qon yo‘qotishi sabab bo‘lganini xabar qilgan.

Rossiya Tergov qo‘mitasi hodisa yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan. Tergovchilar voqea joyini ko‘zdan kechirib, guvohlarni so‘roq qilgan va sud-tibbiy ekspertizalar tayinlagan. Ayol hamda chaqaloqning o‘limi sabablari va voqeaning barcha tafsilotlari aniqlanmoqda.

Izohlar 0

…

Mavzuga oid yangiliklar