18:30 / 07.11.2020
3 323

Rossiya razvedka xizmati rahbari koronavirus sun’iy yaratilgani haqidagi taxminga munosabat bildirdi

Rossiya razvedka xizmati rahbari koronavirus sun’iy yaratilgani haqidagi taxminga munosabat bildirdi
Foto: Kreml matbuot xizmati
Rossiya tashqi razvedka xizmati rahbari Sergey Narishkin koronavirusning inson omili vositasida yaratilgani haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi.

S.Narishkinga ko‘ra, SARS-CoV-2 virusining sun’iy yo‘l bilan bilan vujudga keltirilganini tasdiqlovchi ishonchli ma’lumotlar mavjud emas va razvedka idorasi aks variantni qo‘llab-quvvatlaydi.

«Biz bu (ya’ni koronavirus) tabiiy yo‘l bilan hosil bo‘lgan degan fikrdamiz», – deydi tashqi razvedka xizmati rahbari.

Joriy yil iyun oyi oxirida Rossiya prezidenti Vladimir Putin ham koronavirus kimlardir tomonidan maydonga chiqarilgani haqidagi taxminlarni inkor qilgan edi. Rossiya yetakchisi dunyo mamlakatlari turli farazlarga berilish, o‘zaro ayblov o‘rniga ushbu ofatga qarshi kuchlarni birlashtirishi muhimligini urg‘ulagandi.

Koronavirus pandemiyasi davrida AQSH va Xitoy o‘rtasidagi munosabatlar keskin yomonlashdi. Alalxusus, Qo‘shma Shtatlar rahbariyati Xitoyni koronavirus tarqalishi borasidagi real holatni yashirishda ayblab kelmoqda. AQSH Davlat kotibi Mayk Pompeoga ko‘ra, rasmiy Pekin vaziyatni avval-boshda ochiq tan olib, epidemiya haqida bor haqiqatni oshkor etganida edi, dunyo hamjamiyati qimmatli vaqtni boy bermagan bo‘lar edi.

«Afsuski, dastlab Xitoyning Uxanida tarqalgan ushbu virus haqida, epidemiya haqida tez fursatda xabardor bo‘linmadi. Negaki, Xitoy hukumati, Xitoy kommunistik partiyasi bu boradagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etmadi. Eng achinarlisi, buning oqibatida dunyo bo‘ylab real tahdid yuzaga keldi», – dedi AQSH bosh diplomati Germaniyaning Bild nashriga bergan intervyusida.

Prezident Donaldd Tramp dunyo osoyishtaligini izdan chiqargan xastalikni «xitoy virusi» deb atagani ham diplomatik tortishuvlarga sabab bo‘lgan edi.

O‘z navbatida, rasmiy Pekin koronavirus AQSH harbiylari tomonidan atayin tarqatilgan degan iddaoni ilgari surgan. Xitoy tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Chjao Litszyan tomonidan bildirilgan ushbu faraz Xitoyning Weibo ijtimoiy tarmog‘ida shov-shuvlarga sabab bo‘ldi. AQSH Davlat departamenti Xitoy elchisini suhbatga chaqirib, mas’uliyatsizlarcha berilgan bayonot borasida izoh talab qildi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti pandemiya holatini e’lon qilganidan buyon dunyo bo‘ylab koronavirusning kelib chiqishi borasida tadqiqotlar o‘tkazilmoqda, bu borada turli faraz va taxminlarga yangramoqda. Masalan, norvegiyalik olim Birger Sorensen SARS-CoV-2 virusi sun’iy yo‘l bilan hosil bo‘lgani deya xulosa bergan.

Ammo fitna nazariyasiga asoslangan ushbu faraz keng ilmiy jamoatchilik tomonidan inkor qilinmoqda.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya razvedka xizmati rahbari koronavirus sun’iy yaratilgani haqidagi taxminga munosabat bildirdi