21:00 / 06.12.2020
3 291

Darig‘a Nazarboyeva yana katta siyosatga qaytmoqda. Bu borada taxmin-tusmollar talaygina...

Darig‘a Nazarboyeva yana katta siyosatga qaytmoqda. Bu borada taxmin-tusmollar talaygina...
Darig‘a Nursulton qizi Nazarboyeva. 57 yoshli arbob ayolning siyosatga qaytishi ortidan vorislik xususidagi taxminlar yana qayta muhokama etila boshladi. Foto: «Reuters»
Qozog‘istonning birinchi prezidenti Nursulton Nazarboyevning to‘ng‘ich farzandi Darig‘a Nazarboyeva yana katta siyosatda. Keyingi yillarda turli mojaroli xabarlar qahramoni bo‘lishga ulgurgan siyosatdon ayol nomzodi iqtidordagi «Nur Otan» partiyasidan parlament deputatligi uchun ko‘rsatildi.

Qozog‘istonda navbatdagi parlament saylovi joriy yil 10 yanvar kuni bo‘lib o‘tishi e’lon qilindi. So‘nggi 16 yilda ilk bor saylov o‘z muddatida tashkil etilmoqda. Bunga qadar ovoz berish tadbirlari muddatidan oldin o‘tkazilgan. Parlament saylovi oxirgi marta 2016 yilning mart oyida uyushtirilgan.

Deputatlik saylovida «Nur Otan», «Ak Jol», «Auil», «Adal» hamda Qozog‘iston xalq partiyasi vakillari qatnashadi. Muxolifat harakati o‘laroq baholanayotgan Umummilliy sotsial-demokratik partiyasi kutilmaganda boykot e’lon qildi. Partiya saylovning adolatli o‘tishiga shubha bildirgan.

Darig‘a Nazarboyeva saylovda otasi nomidagi fond rahbari sifatida ishtirok etadi. U bunga qadar ikki marta parlament deputatligiga saylangan. 2019 yil mart oyida hatto yuqori palata spikeri lavozimini ham egallagan. Ammo joriy yil 2 may kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev farmoniga binoan deputat Darig‘a Nazarboyevaning vakolati muddatidan avval tugatildi. Deputatlik maqomidan mahrum etilishi bilan u avtomatik ravishda spikerlik rutbasidan ham ayrildi.

Elboshi unvoni hamda daxlsizlik maqomiga ega otaning qizi kutilmaganda xalq noibligidan bo‘shatilishi turlicha baholandi. Hatto Darig‘a Nazarboyevaga qarshi jinoiy ish ochilishi va qamalishi borasida taxminlar ilgari surildi.

Uning davlat boshqaruvidan ketishi qanchalik taajjub bilan qabul qilingan bo‘lsa, oshig‘ich ravishda qaytishi ham shunday baholanmoqda.

Qozog‘istonlik siyosatshunos Vadim Boreykoga ko‘ra, Darig‘a Nazarboyeva shunchaki deputatlikka qanoat qilmaydi, u spiker, hech bo‘lmaganda vitse-spiker lavozimini egallaydi. Qozog‘iston ijroiya va qonunchilik tizimida yaqin vaqtlarda yirik kadrlar almashuvi kutilmoqda. Birinchi prezidentning qizi parlamentda yuqori maqomni qayta egallashi esa ma’lum ma’noda kuchlar muvozanatini tiklashga qaratilgan qadamdir.

Vadim Boreykoning ta’kidlashicha, birinchi prezident N.Nazarboyevning yoshi tobora o‘tib bormoqda. U hozircha o‘z shogirdi – amaldagi prezident bilan qadam-baqadam yurishga harakat qilayotgan bo‘lsa-da, yaqin yillarda keksalik bunga yo‘l bermay qo‘yadi. Shu bois ham u qizini daxlsizlik maqomiga ega deputatlikka o‘tkazish orqali ham oilasi nufuzini saqlashga, ham kuchlar muvozanatini tiklashga urinmoqda.

D.Nazarboyevaning parlamentga qaytishi ortidan u keyinroq prezidentlik uchun kurashga kirishadi degan taxmin-tusmollar ham paydo bo‘ldi. Ammo siyosiy sharhlovchi Nurlan Fadeyev ushbu nuqtai nazarni qo‘llab-quvvatlamaydi. Tahlilchiga ko‘ra, keyingi yillarda Elboshi siyosiy maydonda yolg‘izlanib qolmoqda. Shu bois u navbatdagi parlament saylovidan foydalanib, o‘z mavqeini qat’iy mustahkamlashga intilmoqda.

So‘nggi uch-to‘rt yilda Darig‘a xonimning shaxsiy hayotida ham dolg‘ali hodisalar ro‘y berdi. Xususan, giyohvandlik illati domiga tushgan farzandi Oysulton siyosiy muhojirotda – Buyuk Britaniyada fojiali tarzda vafot etdi.

Bu orada Londonda Darig‘a Nazarboyeva va uning to‘ng‘ich o‘g‘li Nuraliga tegishli qasr hamda qimmatbaho kvartira sud tomonidan korrupsiya gumoni bilan hibs etildi. Darig‘a xonim sud qarorini bekor qilib, turarjoylarini qo‘lida saqlab qolgan bo‘lsa-da, Qozog‘iston jamoatchiligi prezidentning qizi yuz million dollarlik mulkka egalik qilayotganini olqishlar ila qabul qilmadi, albatta. Daxlsizlik huquqini beruvchi deputatlik rutbasi birinchi prezident qiziga barchasini yangidan – toza sahifadan boshlash imkonini tuhfa etsa ajab emas.

S.Salim

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Darig‘a Nazarboyeva yana katta siyosatga qaytmoqda. Bu borada taxmin-tusmollar talaygina...