09:44 / 29.12.2020
1 998

Olimlar koronavirusning yangi shtammi bolalarda ko‘proq uchrayotganini ma’lum qildi

Olimlar koronavirusning yangi shtammi bolalarda ko‘proq uchrayotganini ma’lum qildi
Foto: AP Photo
Bolalar avvalgisiga qaraganda Britaniyada aniqlangan koronavirusning yangi shtammiga chalinishga moyilroq ekanligi aniqlandi. Bu haqda London Imperial kolleji professori Vendi Barklay ma’lum qildi, deb yozmoqda «RBK» Daily Mail’ga tayanib.

Uning so‘zlariga ko‘ra, koronavirusning avvalgi variantida virusning hujayraga kirish nuqtasi bo‘lgan ACE2 retseptori bilan bog‘lanishi qiyin bo‘lgan. Shuning uchun yuqori nafas yo‘llarida ko‘plab ACE2 bo‘lgan kattalar «oson nishon» bo‘lgan, bolalarning esa kasallikka chalinishi ehtimoli kam bo‘lgan.

Yangi shtammda hujayralarga kirib borish qobiliyati yuqori, shuning uchun bolalar ham kattalar kabi virusga chalinishi oson, deb tushuntirgan Barklay. Kollej professori Nil Fergyuson shu orqali bolalar orasida virusga chalinish holatlari ko‘payganini izohlash mumkinligini aytgan.

Koronavirusning yangi shtammi bolalar uchun yuqumliroq bo‘lishi mumkinligi haqida Imperial kolleji shu hafta boshida ma’lum qilgan. O‘shanda olimlar kasallikning ko‘payishiga olib keladigan mexanizmni tushunmaganini, lekin bu haqda statistik ma’lumotlar guvohlik berayotgani bildirgan. Fergyuson virusning yangi turi birinchi variantga nisbatan 15 yoshgacha bo‘lgan bolalar orasida ko‘proq aniqlanayotganini ma’lum qilgan.

Shu bilan birga, Barklay yangi shtammga faqatgina bolalar chalinadi, deb bo‘lmasligini ta’kidlagan.

Buyuk Britaniya Jamoatchilik sog‘lig‘ini saqlash xizmatining ma’lumotlariga ko‘ra, SARS-CoV-2’ning yangi shtammi qirollikda noyabr oyidan buyon faol tarqalmoqda. Mamlakat bosh vaziri Boris Jonsonning so‘zlariga ko‘ra, ushbu turdagi koronavirus avvalgilaridan 70 foizga yuqumliroq, lekin undan xavfli emas.

JSST 20 dekabr kuni Britaniyanikiga o‘xshash koronavirus Niderlandiya, Daniya va Avstraliyada ham aniqlanganini e’lon qildi. Hozirda tashkilot bu shtammni o‘rganmoqda. Ushbu shtamm Fransiya va Yaponiyada ham qayd etildi, Germaniya va Shveysariyada ham koronavirusning «britancha shtammi», Nigeriyada esa butunlay yangi mutatsiyasi aniqlandi.

23 dekabr kuni Buyuk Britaniyada koronavirusning Janubiy Afrika Respublikasidan kirib kelgan yana bir yangi shtammi aniqlandi. U Britaniyada avvalroq aniqlangan shtammdan ko‘ra ko‘proq mutatsiyaga uchragan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Olimlar koronavirusning yangi shtammi bolalarda ko‘proq uchrayotganini ma’lum qildi