17:30 / 24.02.2021
3 225

Bayden Tramp imzolashdan bosh tortgan farmonni tasdiqlamoqchi. Hujjat Rossiya to‘g‘risida...

Bayden Tramp imzolashdan bosh tortgan farmonni tasdiqlamoqchi. Hujjat Rossiya to‘g‘risida...
Foto: «Thinkstock»
Oq uy Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarni joriy etmoqda. «Washington Post» gazetasining o‘z manbalariga tayanib yozishicha, Kremlga qarshi jazo choralari yaqin kunlarda e’lon qilinadi.

Joriy yil yanvar oyida AQSH razvedka idorasi SolarWinds deb nomlangan keng ko‘lamdagi hakerlik hujumlari ortida Rossiya hukumati turganini e’lon qildi. Hakerlar mudofaa, savdo, energetika, moliya va ichki xavfsizlik kabi federal vazirliklarga hamda 100 dan ziyod xususiy kompaniyalariga hujum uyushtirgan.

Rasmiy Vashington rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning zaharlanishini va ozodlikdan mahrum etilishini ham jiddiy xavotir bilan qabul qilgan. Oq uy Kremldan muxolif siyosatchini zudlik bilan ozod qilishni talab etdi. Qo‘shma Shtatlar Rossiya rasmiylariga ushbu ikki hodisa – hakerlar hujumi va muxolifat vakiliga suiqasd sabab yangi sanksiyalar joriy etmoqda.

Aslida jazo choralari xususidagi farmon joriy yil yanvar oyida Donald Tramp tomonidan imzolanishi kutilgan edi. Ammo so‘nggi lahzalarda u hujjatni imzolashdan bosh tortdi.

Xo‘sh, yangi sanksiyalar qanday ta’sir choralarini o‘z ichiga oladi?
Kuzatuvchilarga ko‘ra, Aleksey Navalniyning zaharlanishi va qamoqqa hukm etilishiga aloqador bo‘lgan huquq-tartibot idoralari vakillarining mol-mulkiga taqiq qo‘yilishi, bank hisoblari muzlatilishi va ularga nisbatan viza cheklovi joriy etilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, 1991 yilda qabul qilingan «Biologik va kimyoviy qurollar to‘g‘risida»gi (CBW Act) qonunga ko‘ra ham jazo choralari qo‘llanishi mumkin. Davlat departamenti nafaqat huquq-tartibot idoralari vakillari, shuningdek, Rossiya rasmiy mulozimlariga ham viza cheklovi qo‘yishni taklif etmoqda.

Vashington Moskvaning yirik moliyaviy loyihasi – «Shimoliy oqim – 2» bo‘yicha ham cheklovlar joriy etishi mumkin. Tramp ma’muriyati davrida milliy xavfsizlik kengashida faoliyat yuritgan Rayan Talliga ko‘ra, viza va mulk taqiqlari rasmiy Moskvaga u qadar ta’sir etmaydi, ammo katta mablag‘ tikilgan «Shimoliy oqim – 2» loyihasi bo‘yicha cheklov Kreml rasmiylarini mushkul holatga solishi tayin.

Avval xabar berganimizdek, yaqin ittifoqchilar – AQSH va Germaniya o‘rtasida aynan ushbu gaz loyihasi sabab jiddiy ixtilof yetilib kelmoqda.

Boltiq dengizi orqali o‘tadigan yangi quvurlar Rossiya gazini Germaniyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazish imkonini beradi. Ayni paytda rus gazi ko‘hna qit’aga asosan Qora dengiz orqali yetkaziladi. «Shimoliy oqim – 2» loyihasi ishga tushishi bilan Rossiya Sharqiy Yevropa mamlakatlarini aylanib o‘tish imkoniga ega bo‘ladi.

AQSH ushbu loyiha Rossiyaga energetik qaramlikni kuchaytiradi deb hisoblaydi. Shuningdek, NATO a’zosi bo‘lgan Sharqiy Yevropa mamlakatlari energetik jabhada zaiflashadi degan xavotir mavjud.

AQSH davlat kotibi Entoni Blinken ilk chiqishlaridanoq Rossiyada inson huquqlari buzilishi aybdorlarini javobgarlikka tortish tashqi siyosatdagi asosiy yo‘nalishlardan biri bo‘lishini ta’kidlab kelmoqda. Hafta boshida Yevropa ittifoqi tomonidan Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy etilishini ham birinchilardan bo‘lib Davlat kotibi Blinken olqishladi.

AQSH prezidenti Jo Bayden ham «Kreml muammosi»ga jiddiy e’tibor qaratib kelmoqda. U, xususan, o‘tgan hafta Myunxen xalqaro anjumanidagi ma’ruzasida Rossiya demokratik qadriyatlarga daxl qilayotgani, NATO va YEIni zaiflashtirishga urinayotgani aytgan edi.

Rasmiy Moskva esa sanksiyalarga munosib javob berilishini aytib keladi. O‘tgan hafta ushbu masalaga munsobat bildirgan Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov AQSH joriy etayotgan sanksiyalarni «samarasiz» deb baholagan.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bayden Tramp imzolashdan bosh tortgan farmonni tasdiqlamoqchi. Hujjat Rossiya to‘g‘risida...