13:13 / 03.03.2021
2 205

Yevroittifoq va AQSH Navalniy ishi yuzasidan Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi. Rossiya TIV hamkasblarini olov bilan o‘ynashmaslikka chaqirdi

Yevroittifoq va AQSH Navalniy ishi yuzasidan Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi. Rossiya TIV hamkasblarini olov bilan o‘ynashmaslikka chaqirdi
Foto: EPA
Yevroittifoq va AQSH siyosatchi Aleksey Navalniy bilan bog‘liq vaziyat tufayli rossiyalik amaldorlarga qarshi sanksiyalar kiritdi, deb yozadi Meduza.

Yevroittifoq sanksiyalari haqida dastlab Germaniyaning DPA agentligi xabar berdi. Keyinroq Yevroittifoq rasmiy jurnalida ham bu haqda xabar e’lon qilindi.

Rossiya bosh prokurori Igor Krasnov, Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin, Rosgvardiya rahbari Viktor Zolotov va Jazolarni ijro etish federal xizmati direktori Aleksandr Kalashnikov sanksiyalar ta’siriga uchradi. Ularning Yevroittifoqqa kirishi taqiqlanadi, shuningdek, ularning Yevroittifoq hududidagi aktivlari muzlatib qo‘yiladi.

AQSH ham Navalniyning ta’qib etilishi tufayli sanksiyalar haqida e’lon qildi. Sanksiyalar, xususan, Rossiya prezidenti ma’muriyati rahbarining birinchi o‘rinbosari Sergey Kiriyenko, Federal xavfsizlik xizmati direktori Aleksandr Bortnikov, mudofaa vaziri o‘rinbosarlari Aleksey Krivoruchko va Pavel Popov, Jazolarni ijro etish federal xizmati rahbari Aleksandr Kalashnikov, bosh prokuror Igor Krasnov va Kremlning ichki siyosat bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i Andrey Yaringa nisbatan joriy qilindi.

Shuningdek, Rossiyaning uchta ilmiy-tadqiqot instituti ham sanksiyalarga uchradi. AQSH hukumati Federal xavfsizlik xizmatini Navalniyning zaharlanishiga aloqador deb hisoblashini ma’lum qildi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Yevroittifoq va AQSHning yangi sanksiyalarini «Rossiyaga qarshi dushmanlarcha hamla» deb atadi.

«Sanksiyalar kiritish uchun Navalniyning go‘yoki «jangovar kimyoviy moddalar» bilan «zaharlanishi» bilan bog‘liq ataylab uyushtirilgan provokatsiya bahona qilinganida bema’nilik tantana qiladi. Bularning barchasi — shunchaki bizning ichki ishlarimizga aralashuvni davom ettirish uchun bahona, xolos. Bunga ko‘nmoqchi emasmiz. O‘zarolik tamoyilidan kelib chiqib, javob qaytaramiz, javobimiz simmetrik bo‘lishi shart emas», — deyiladi Rossiya TIV xabarida.

Muassasa AQSHning bunday xatti-harakatlari Vashington tomonidan «to‘liq muzlash nuqtasigacha olib borilgan ikki tomonlama aloqalarni yanada bema’nilashtirish»ga hissa qo‘shishini ta’kidladi.

«Rossiyaga sanksiyalar kiritish yoki bosim o‘tkazishning boshqa yo‘llari orqali nimalarnidir yuklash avval ham muvaffaqiyatsiz kechgan, endi ham shunday bo‘ladi. Agar AQSH oqilona asosda teng huquqli muloqotga tayyor bo‘lmasa, bu ularning tanlovi. Amerikaning «sanksiyalarga ishqibozligi»dan qat’i nazar, har qanday tajovuzga qarshilik ko‘rsatgan holda, milliy manfaatlarimizni qat’iy himoya qilishda davom etamiz. Hamkasblarimizni olov bilan o‘ynashmaslikka chaqiramiz», — deyiladi xabarda.

Bu Navalniy ishi bo‘yicha Yevropa tomonidan kiritilayotgan birinchi sanksiyalar emas. 2020 yil oktabrida siyosatchining zaharlanishi tufayli, Yevroittifoq olti nafar amaldorga va bitta ilmiy-tadqiqot institutiga qarshi sanksiyalar e’lon qilgan edi.

Ma’lumot uchun, muxolifatchi Aleksey Navalniy 17 yanvar kuni Rossiyaga Germaniyadan qaytib keldi, u yerda qariyb besh oy davomida bo‘lib, «Novichok» bilan zaharlanganidan keyin davolandi. Tarafdorlari uni kutib olish uchun Vnukovo aeroportiga keldi. U yerda ommaviy hibsga olishlar bo‘lib o‘tdi, Navalniy o‘tirgan samolyot esa Sheremetevoga qayta yo‘naltirildi. Qo‘nganidan keyin siyosatchi qo‘lga olindi — «Iv Roshe» ishi bo‘yicha shartli mahkum majburiyatlarini buzganligi uchun.

18 yanvar kuni Navalniy qamab qo‘yildi, sud esa to‘g‘ridan-to‘g‘ri politsiya bo‘limida o‘tkazildi. 19 yanvar kuni Navalniy tomonidan tashkil qilingan Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (KKF) «Putinning qasri» haqidagi filmni e’lon qildi. U 100 million martadan ortiq tomosha qilindi, ijtimoiy tarmoqlar esa shu mavzudagi memlarga to‘lib ketdi. Hukumat uning qasr emas, apart-mehmonxona ekanligini va unga Putin emas, balki uning do‘sti Arkadiy Rotenberg egalik qilishini ma’lum qildi.

Navalniyning tarafdorlari butun Rossiya bo‘ylab ommaviy norozilik aksiyalarini uyushtirdi. 23 yanvar kuni to‘rt mingdan ortiq, 31 yanvar kuni besh mingdan ortiq odam hibsga olindi. Ko‘p yillardan buyon bunaqasi bo‘lmagandi. Federal telekanallar «xushmuomala politsiyachilar» haqida hikoya qildi, aslida esa ular namoyishchilarga qarshi dubinka, elektroshoker va ko‘zni yoshlantiruvchi gaz qo‘llagan edi (Kreml buni provokatsiyaga javob deb atadi).

Aksiyalardan keyin kamida 40 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Navalniyning safdoshlari Lyubov Sobol va Kira Yarmish, shuningdek, siyosatchining ukasi Oleg mitingda koronavirusga qarshi choralarni buzganlik uchun uy qamog‘iga hukm qilindi. Navalniyning yana bir safdoshi Leonid Volkov o‘smirlarni ko‘cha aksiyalariga jalb qilganlik uchun qidiruvga berildi.

Moskvaning Simonov tumanlararo sudi 2 fevralda Navalniyni «Iv Roshe» ishi bo‘yicha aybdor deb topib, uning jazoni koloniyada o‘tashi haqida qaror chiqargandi. Moskva shahar sudi 20 fevralda qarorni qonuniy deb topdi va sud hukmi kuchga kirdi.

Navalniy koloniyada 2,5 yil davomida sud belgilagan jazoni o‘taydi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Yevroittifoq va AQSH Navalniy ishi yuzasidan Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi. Rossiya TIV hamkasblarini olov bilan o‘ynashmaslikka chaqirdi