09:00 / 09.03.2021
1 692

Shahzoda Garri va Megan Markl Opra Uinfriga ikki soatlik intervyu berdi

Shahzoda Garri va Megan Markl Opra Uinfriga ikki soatlik intervyu berdi
Shahzoda Garri va Megan Marklning Opra Uinfri bilan intervyusidan lavha.
Foto: Reuters

Britaniya shahzodasi Garri va uning rafiqasi Megan Marklning amerikalik teleboshlovchi Opra Uinfri bilan intervyusi bo‘lib o‘tdi. Ikki soatlik suhbat 7 mart kuni Amerika vaqti bilan soat 20:00 da CBS telekanalida namoyish etildi. 8 mart kuni oqshomda uni Britaniyaning ITV kanali namoyish etadi. Mazkur intervyuga qadar er-xotinning qirollik vakolatlaridan kechib, o‘z kunini o‘zi ko‘rishni boshlaganiga bir yil bo‘ldi, deb yozmoqda «RBK».

Megan Markl va shahzoda Garri bilan bo‘lgan intervyu efirga chiqarilishidan bir necha soat oldin The Times nashri manbalariga asoslanib Bukingem saroyi tomonidan ushbu intervyuga qirol oilasiga nisbatan «urush e’lon qilish» sifatida qaralishini yozdi. «Reaksiya kimning tanqid qilinishiga bog‘liq bo‘ladi — qirol oilasimi yoki muayyan shaxslar?», — degan gazeta manbasi. Gazetaning yozishicha, qirol oilasi «kattaroq muammolarga e’tibor qaratishi sababli» Yelizaveta II intervyuni tomosha qilmaydi. Gersoginyaning o‘zi «ortiq qo‘rquvda yashamasligi»ni aytgan: «Qanday qilib ular bizdan jim yurishimizni kutishini tushunmayman».

Xufiyona o‘tkazilgan to‘y
Megan Markl hammaning ko‘z o‘ngida o‘tkazilgan to‘y marosimidan uch kun oldin shahzoda Garriga xufiyona turmushga chiqqan edi. Rasmiy marosim 2018 yil 18 may kuni Vindzor qasridagi Avliyo Georgiy ibodatxonasida Kenterberi arxiyepiskopi Jastin Uelbi boshchiligida bo‘lib o‘tgan. To‘y marosimiga 1,2 mingdan ortiq jamoatchilik vakillari ham taklif qilingan.

Marklning so‘zlariga ko‘ra, xufiyona marosimda juftlikning oila a’zolari qatnashmagan, faqat Kenterberi arxiyepiskopi (Buyuk Britaniyadagi Angliya cherkovining ma’naviy rahbari) bo‘lgan. «Biz oramizdagi rishtalarni nikoh bilan bog‘lashni xohlagandik», — deb izohlagan Sasseks gersoginyasi.

Qirollik oilasining Marklga sovuq munosabati sabab unda o‘z joniga qasd qilish fikri paydo bo‘la boshlagani haqida
Marklning so‘zlariga ko‘ra, to‘ydan keyin qirol oilasi uni omma oldida tilini tiyib yurishga majbur qilgan. O‘z ixtiyori bilan sukut saqlaganmi yoki bu erining qarindoshlari tomonidan qilingan bosimmi, degan savolga, gersoginya «ikkinchisi» deb javob berdi.

Er-xotin qirollik vakolatidan voz kechishga qaror qilishidan oldin Markl o‘z joniga qasd qilish haqida ko‘p o‘ylagan: «Men shunchaki ortiq yashashni xohlamasdim. Bu menda takror-takror kechayotgan juda aniq, chinakam va qo‘rqinchli fikr edi». Marklning so‘zlariga ko‘ra, u buni eriga aytishdan uyalgan, ammo «agar eriga aytmasa, u bu ish amalga oshishi»ni tushungan.

Shu bilan birga, gersoginyaning ta’kidlashicha, qirol oilasi a’zolari «ushbu muassasani boshqaradigan kishilar»dan farq qiladi. Markl Yelizaveta II bilan yaxshi munosabatda bo‘lgan.

«Qirollik oilasi juftlikning tug‘ilajak farzandining terisi rangidan xavotirlangan»
Markl birinchi o‘g‘li Archiga homilador bo‘lganida, qirol oilasining ba’zi a’zolari hali tug‘ilmagan bolaning «terisi qanchalik darajada qora» bo‘lishidan xavotirlangan. Sasseks gersoginyasi ularning ismlarini tilga olmadi. Markl aks holda, o‘zlariga «jiddiy xavf» orttirishini va bu haqda unga eri aytganini qo‘shimcha qildi. Shahzoda Garri ham tafsilotlarni oshkor qilmadi va o‘sha holatning o‘zi uni «shok»ka tushirganini ta’kidladi. Markl, shuningdek, an’anaga zid ravishda o‘g‘liga shahzoda unvoni berilmagani, shuning uchun u qirollik himoyasiga olinmaganini, shaxsiy tan soqchiga ega bo‘lmaganini aytdi.

Er-xotinning yozda tug‘iladigan ikkinchi farzandi qiz bo‘lishi kutilmoqda. «Farzand nechta bo‘lmasin, xoh bitta, xoh ikkita — bu juda zo‘r. Bizning o‘g‘limiz bor, hademay qizimiz ham bo‘ladi, bundan ortiq yana nimani xohlash mumkin?», — degan shahzoda Garri.

Juftlikning qirollik vakolatlaridan voz kechish haqidagi qaroriga qirollik oilasining munosabati
Garrining otasi, Britaniya taxtining valiahdi, shahzoda Charlz ma’lum vaqt davomida o‘g‘li bilan gaplashishni va uning qo‘ng‘iroqlariga javob berishni to‘xtatgan. «Kanadada yashagan paytimiz buvim bilan uch marta suhbatlashdim, otam esa qo‘ng‘iroqlarimga javob berishni to‘xtatmasidan oldin men bilan bularning hammasini (qirollik vakolatlaridan voz kechish to‘g‘risidagi qarorni) yozma ravishda bayon qilishimni so‘rab, ikki marta qo‘ng‘iroqlashgan», — dedi gersog.

Garri «masalani o‘z qo‘liga oldi», degan fikr bilan Shahzoda Charlz o‘g‘li bilan aloqalarni to‘xtatgan. «Men oilam uchun shunday qilishim kerak edi. Bunday qaror juda qayg‘uli, ammo ruhiy salomatligim uchun, xotinim va Archi uchun nimadir qilishim kerak edi», — deydi shahzoda. Garrining so‘zlariga ko‘ra, hozir u otasi bilan aloqalarni qayta tiklagan, ammo o‘zaro munosabatlarda «yaxshilash kerak bo‘lgan jihatlar bor».

Garrining qirollik oilasi bilan munosabatlari haqida
Sasseks gersogining so‘zlariga ko‘ra, u otasini yaxshi ko‘radi, lekin Charlzning munosabati va u bilan o‘zaro aloqalardagi muammolardan hafsalasi pir bo‘lgan: «Men qattiq xafa bo‘ldim, chunki u ham qachonlardir shu vaziyatni boshdan kechirgandi-ku. U og‘riqning nimaligini biladi... Ko‘plab noxush voqealar sodir bo‘ldi». Garri katta akasi, Kembrij gersogi Uilyam haqida gapirar ekan, ular «do‘zaxdan birga o‘tgani»ni aytdi: «Tajribamiz bir xil, lekin yo‘llarimiz boshqa-boshqa».

Garrining ta’kidlashicha, u buvisi Yelizaveta II bilan «chindan ham yaxshi munosabatda» va buvisi uning qarorlarini hurmat qiladi. Unga ko‘ra, so‘nggi olti oy ichida u qirolicha bilan «oldingi bir necha yillarga qaraganda» ko‘proq muloqot qilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Shahzoda Garri va Megan Markl Opra Uinfriga ikki soatlik intervyu berdi