11:00 / 14.03.2021
1 539

Boliviyaning sobiq prezident vazifasini bajaruvchisi davlat to‘ntarishi bo‘yicha tergov doirasida hibsga olindi

Boliviyaning sobiq prezident vazifasini bajaruvchisi davlat to‘ntarishi bo‘yicha tergov doirasida hibsga olindi
Boliviyaning muvaqqat prezidenti Janin Anes
Foto: AP Photo

2019 yil noyabr oyida Evo Morales davlat rahbari lavozimidan iste’foga chiqqanidan keyin vaqtinchalik prezident vazifasini bajargan Janin Anes 13 mart kuni Boliviyadagi davlat to‘ntarishi bilan bog‘liq tergov doirasida hibsga olindi. Bu haqda mamlakat ichki ishlar vaziri Karlos del Kastiloga tayanib, «TASS» xabar berdi.

«Boliviya xalqiga Janin Anes xonim hibsga olingani va hozirda politsiya qo‘lida ekanini ma’lum qilaman», — dedi tashqi ishlar vaziri o‘zining Twitter sahifasida. Prokuratura Anesni mamlakatdagi davlat to‘ntarishiga aloqador deb hisoblamoqda.

Avvalroq davlat to‘ntarishi bo‘yicha tergov doirasida Boliviyaning sobiq adliya vaziri Alvaro Koimbra va sobiq energetika vaziri Rodrigo Gusman hibsga olingan edi. Shuningdek, prokuratura Anes hukumatining yana uchta sobiq vazirini hibsga olish uchun ko‘rsatma berdi. Sobiq amaldorlar «terrorizm, isyon ko‘tarish va fitna uyushtirishda» ayblanyapti.

Boliviyada 2019 yilning 20 oktabr kuni prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tgan. Oliy saylov sudining ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha paytda amaldagi davlat rahbari Morales ko‘pchilik ovoz bilan g‘olib bo‘lgan. Uning asosiy raqibi Karlos Mesa birinchi davrada raqibining g‘alabasini tan olmasligini ta’kidlagan. Morales Lotin Amerikasi mamlakatlari davlat rahbarlari orasida eng ko‘p prezidentlik qilgan siyosatchilardan biri edi va 20 oktabrda to‘rtinchi marta saylovlarda g‘olib chiqqandi.

Muxolifat natijalarni inkor etdi va saylovchilar ovozlarini hisob-kitob qilishda hiyla-nayrang ishlatilganini gumon qildi. Natijada xalq norozilik namoyishlarini boshladi, ularda 3 nafar fuqaro halok bo‘ldi va yuzlab odamlar jarohatlandi.

Uch hafta davom etgan norozilik namoyishlaridan so‘ng Boliviya qurolli kuchlari rasmiylari Moralesdan iste’foga chiqishini so‘radi va u vaziyatni davlat to‘ntarishi deb baholagan holda lavozimini tark etdi va mamlakatdan chiqib ketdi.

Senatorlar palatasi spikerining ikkinchi o‘rinbosari, muxolifat vakili Janin Anes yangi saylovlar o‘tkazilgunga qadar vaqtincha prezidentlik vazifasini boshqarishini e’lon qildi va o‘zining yangi Vazirlar Mahkamasini tashkil qildi.

2020 yilning oktabr oyida qayta saylov o‘tkazildi, natijalarga ko‘ra, Moralesning sherigi Luis Arse prezident etib saylandi.

Eslatib o‘tamiz, 13 mart kuni Boliviyaning sobiq adliya vaziri Alvaro Koimbra va sobiq energetika vaziri Rodrigo Gusman, 2019 yilning noyabr oyida amalga oshirilgan davlat to‘ntarishi bo‘yicha tergovning bir qismi sifatida hibsga olingandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Boliviyaning sobiq prezident vazifasini bajaruvchisi davlat to‘ntarishi bo‘yicha tergov doirasida hibsga olindi