18:08 / 22.03.2021
650

Donald Tramp o‘z ijtimoiy tarmog‘ini yaratishga qaror qildi

Donald Tramp o‘z ijtimoiy tarmog‘ini yaratishga qaror qildi
Foto: Ferra.ru
AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp ikki-uch oy ichida «o‘z platformasi bilan» ijtimoiy tarmoqlarga qaytadi. Bu haqda Trampning maslahatchisi Jeyson Miller Fox News telekanali efirida aytib o‘tdi, deb yozadi Meduza.

«Fikrimcha, ikki yoki uch oy ichida ijtimoiy tarmoqlarda Trampni o‘z platformasi bilan ko‘ramiz», — dedi Miller.
U Trampning loyihasi «o‘yin qoidalarini butunlay o‘zgartirib yuborishiga» ishonch bildirdi.

Ushbu platforma birorta texnologik kompaniya bilan hamkorlikda yaratiladimi, degan savolga Miller Tramp turli kompaniya vakillari bilan ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazganini aytdi.

«Yangi platforma juda katta bo‘ladi. Hamma u bilan hamkorlik qilishni istayapti va ushbu platformaga o‘n millionlab foydalanuvchilar jalb qilinadi», — dedi Miller.

Ma’lumot uchun, Donald Trampni qo‘llab-quvvatlovchilar tomonidan tashkil etilgan «Amerikani qutqarish marshi» nomli norozilik namoyishi ishtirokchilari 2021 yil 6 yanvar kuni poytaxt Vashingtondagi Kapitoliy binosiga bostirib kirgan edi. Trampni qo‘llab-quvvatlash uchun uyushtirilgan namoyish Kapitoliy shturmi bilan tugagan. To‘rt kishi halok bo‘lib, yana bir necha kishi tan jarohati olgan. Politsiya xodimlaridan biri voqea qurboniga aylangan.

Shundan so‘ng Facebook va Instagram ham Donald Tramp akkauntini prezidentlik muddati tugaguncha blokladi. Twitter esa Trampning shaxsiy akkauntini «keyinchalik zo‘ravonlikka da’vat etishning yuqori xavfiga bog‘liqligi sabab» butunlay blokladi.

Kapitoliyga uyushtirilgan hujumdan so‘ng, Amerika Kongressi a’zolari, shu jumladan, bir nechta respublikachilar ham Trampni tartibsizliklarga da’vat qilishda ayblab, unga impichment e’lon qilishga chaqirdi. U AQSH tarixida ikki marta impichment e’lon qilingan birinchi prezident bo‘ldi. Biroq AQSH Senati Trampning impichmentiga qarshi ovoz berdi. Sobiq davlat rahbariga nisbatan qo‘zg‘olonga da’vat qilganlik ayblovini yoqlab Kongress yuqori palatasining 57 nafar a’zosi ovoz berdi. 43 senator qarshi chiqdi. Impichmentni tasdiqlash uchun kamida 67 kishi yoqlab ovoz berishi kerak edi. Shunday qilib Tramp oqlandi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Donald Tramp o‘z ijtimoiy tarmog‘ini yaratishga qaror qildi