14:30 / 11.04.2021
2 778

Turkiya prezidenti Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishini qat’iyan tan olmasligini ma’lum qildi

Turkiya prezidenti Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishini qat’iyan tan olmasligini ma’lum qildi
Foto: «President.gov.ua»
Turkiya Qrimni Rossiyaning bir qismi deb tan olmoqchi emas. Bu haqda mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on ukrainalik hamkasbi Vladimir Zelenskiy bilan muzokaralar yakunlari bo‘yicha ma’lum qildi, deb yozadi «RBK».

«Biz, shuningdek, Ukrainaning hududiy yaxlitligini va Turkiya suverenitetini qat’iyan himoya qilamiz. Biz Qrimning bosib olinishini tan olmaslik bo‘yicha qat’iy qarorimizni yana bir marta tasdiqladik», — dedi Erdo‘g‘on.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Anqara Kiyevning yarim orolning hududiy tegishliligi muammosi atrofiga xalqaro hamjamiyatni jalb qilish bo‘yicha loyihasi — «Qrim platformasi»ni qo‘llab-quvvatlaydi. «Umid qilamizki, bu tashabbus Ukraina va Qrimning barcha xalqlari, shu jumladan, Qrim tatarlari uchun ijobiy natijalarni olib keladi», — deya ta’kidladi Turkiya prezidenti.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Anqara va Kiyevning ikki tomonlama aloqalari Qora dengizning «tinchlik, xotirjamlik va hamkorlik dengizi» bo‘lib qolishiga qaratilgan. Bundan tashqari, Erdo‘g‘on Minsk kelishuvini Donbassdagi nizolarni bostirish usuli sifatida qo‘llab-quvvatladi.

«Biz Sharqiy Ukrainadagi vaziyat yuzasidan fikr almashdik. Mavjud inqirozni siyosiy, diplomatik yo‘l bilan va xalqaro huquq doirasida hal qilish mumkinligiga ishonamiz», — dedi Turkiya yetakchisi.

Ayni vaqtda Erdo‘g‘on Turkiya va Ukraina hamkorligi boshqa mamlakatlarga qarshi qaratilmaganini ma’lum qildi.

Erdo‘g‘on Turkiya Qrimning Rossiya tarkibiga kirishini tan olmasligi haqida birinchi marta aytishi emas. 2020 yil oktabrida Zelenskiy bilan bo‘lib o‘tgan muzokaralardan keyin ham u shunday bayonot bergandi.

Qrim 2014 yil martda bo‘lib o‘tgan referendumdan keyin Rossiya tarkibiga kirgan edi, o‘shanda yarim orol aholisining 96 foizdan ortig‘i shuni yoqlab ovoz bergan edi. Ushbu qaror G‘arb mamlakatlari tomonidan Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritilishiga sabab bo‘ldi. Kiyev Qrimni vaqtinchalik bosib olingan hudud deb hisoblaydi. Moskva yarim orolning hududiy tegishliligi masalasi yopilganini bir necha marta ma’lum qilgan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Turkiya prezidenti Qrimning Rossiyaga qo‘shib olinishini qat’iyan tan olmasligini ma’lum qildi