09:30 / 27.04.2021
2 059

Ruminiya rossiyalik diplomatni persona non grata deb e’lon qildi


Foto: Facebook
Ruminiya Tashqi ishlar vazirligi Buxarestdagi Rossiya elchixonasining harbiy attashe (diplomatik vakolatxonaning harbiy vakili) o‘rinbosari Aleksey Grishayevni persona non grata deb e’lon qildi. Bu haqda Ruminiya Tashqi ishlar vazirligining saytiga tayanib «RBK» xabar berdi.

Tashqi ishlar vazirligining ta’kidlashicha, rossiyalik diplomat 1961 yilgi Vena konvensiyasining qoidalarini buzgan.
Rossiyaning Buxarestdagi elchisi Valeriy Kuzmin vazirning buyrug‘i bilan Tashqi ishlar vazirligiga suhbatga chaqirildi. U yerda elchiga Ruminiya hukumati tomonidan qabul qilingan qaror haqida aytildi.

Avvalroq Chexiya Yevroittifoq va NATOdan birdamlik belgisi sifatida Rossiya razvedkachilarini o‘z mamlakatlaridagi elchixonalardan chiqarib yuborishni so‘ragan edi. «Biz Rossiya razvedka xodimlarining umumiy deportatsiyasiga qaratilgan jamoaviy harakatlarga chaqiramiz», — degan edi o‘sha vaqtda tashqi ishlar vaziri vazifasini vaqtincha bajaruvchi Yan Gamachek.

23 aprel kuni Boltiqbo‘yi mamlakatlari rossiyalik diplomatlarni chiqarib yuborishi haqida ma’lum qildi: Litva Rossiya elchixonasining ikki nafar xodimini, Latviya va Estoniya bir nafardan xodimini o‘z hududidan chiqarib yuborishga qaror qildi.

Bungacha Slovakiya uch nafar rossiyalik diplomatni o‘z hududidan chiqarib yuborishga qaror qilgan edi. O‘shanda mamlakat bosh vaziri Eduard Xegerning ta’kidlashicha, Slovakiya maxsus xizmatlari ma’lumotlari o‘rganib chiqilgandan so‘ng «hozirgi paytdagi geosiyosiy ahvol, shuningdek, Chexiyadagi vaziyat sababli» shunday qaror qabul qilingan.

Chexiya Rossiyani 2014 yil 17 aprelda Moraviyaning janubi-g‘arbiy qismidagi o‘q-dorilar omborida sodir bo‘lgan portlashlarga aloqadorlikda ayblaganidan keyin ular o‘rtasidagi keng ko‘lamli siyosiy-diplomatik nizo paydo bo‘ldi. Shundan so‘ng Praga qiymati 6 milliard yevro bo‘lgan «Dukovani» atom elektr stansiyasining yangi energiya blokini qurish bo‘yicha tenderda ishtirok etish uchun «Rosatom» davlat korporatsiyasining nomzodlar safidan chiqarilishini e’lon qildi.

Buning ortidan Chexiya 18 nafar rossiyalik diplomatni mamlakatdan chiqarib yubordi. Bunga javoban Moskva ham 20 nafar chexiyalik diplomatni mamakatdan chiqarib yubordi. 22 aprel kuni Chexiya tashqi ishlar vaziri Pragada rossiyalik diplomatlar sonining cheklanishi haqida ma’lum qildi: ularning soni Moskvadagi Chexiya diplomatik vakolatxonasining xodimlari soni (7 kishi) bilan tenglashtiriladi. Elchixona xodimlarining mamlakatni may oyining oxirigacha tark etishi belgilangan.

Shuningdek, Germaniya tashqi ishlar vaziri Xayko Maas Rossiya bilan muzokaralar o‘tkazishga va Moskva bilan qarama-qarshiliklardan voz kechishga chaqirdi. «Biz ushbu shov-shuvli qarama-qarshiliklardan manfaatdor emasmiz. Biz Rossiya bilan murosa qilib, yaxshi qo‘shnichilik aloqlarini o‘rnatishni istaymiz», — dedi Maas.

23 aprel kuni prezident Vladimir Putin Rossiyaga nisbatan do‘stona munosabatda bo‘lmagan mamlakatlarning diplomatik vakolatxonalariga xodimlarni qabul qilishni cheklovchi farmonni imzoladi. Unda «Rossiya hududida bo‘lgan jismoniy shaxslar» va Rossiyaga yoki uning fuqarolariga do‘stona bo‘lmagan xatti-harakatlarni amalga oshirayotgan mamlakatlarning diplomatik vakolatxonalari o‘rtasida mehnat shartnomalarining tuzilishini cheklash belgilandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Ruminiya rossiyalik diplomatni persona non grata deb e’lon qildi