19:33 / 18.05.2021
1 390

Qirg‘izistonda «Qumtor» oltin koni bo‘yicha to‘rtta jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Qirg‘izistonda «Qumtor» oltin koni bo‘yicha to‘rtta jinoiy ish qo‘zg‘atildi

Foto: rus.azattyk.org
Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi «Qumtor» oltin koni bilan bog‘liq to‘rtta jinoiy ishni tergov qilmoqda. Bu haqda qo‘mita rahbari Qamchibek Tashiyev parlamentning navbatdan tashqari yig‘ilishida ma’lum qildi.

«Bu ishda bizning ko‘plab rasmiylarimiz – o‘sha paytda lavozimda bo‘lgan va hujjatlarni imzolagan hukumat a’zolari ishtirok etmoqda. Ular orasida hurmatga sazovor xalq deputatlari ham bor», — dedi Tashiyev.

Qayd etilishicha, birinchi jinoiy ish sobiq bosh vazir Muhammadkaliy Abilgaziyevga nisbatan qo‘zg‘atilgan. Tashiyevning so‘zlariga ko‘ra, ushbu ishda hukumatning «Qumtor Gold Company»ga tabiiy resurslar va yer uchastkalaridan foydalanishga ruxsat bergani haqida korrupsiya faktlari tekshirilmoqda.

Jeti-O‘g‘uz viloyati ma’muriyatiga qarshi yana bir jinoiy ish «Qumtor»ga 20 ming gektardan ortiq yer uchastkalari berish faktlari bo‘yicha qo‘zg‘atildi.

«Qishloq xo‘jaligidagi zararlar va yo‘qotilgan foydalarning dastlabki miqdori 390,1 million somni tashkil etdi. Bu yerda konga ajratilgan yerlar ham hisobga olinmoqda. Ushbu buyruqni qabul qilishda amaldor shaxslar, hatto mamlakat rahbariyatigacha ham ishtirok etgan», — dedi Tashiyev.

Uchinchi jinoyat ishi soliq to‘lovlari va sug‘urta badallarini hisoblash to‘g‘risida. Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Davlat soliq xizmati va Sofond mansabdor shaxslari yo‘l qo‘ygan korrupsiya tufayli davlat budjetiga 9,9 milliard so‘m miqdorida soliq va 1,5 milliard so‘m miqdorida sug‘urta badallari kelib tushmagan. Shu bilan birga, Tashiyev ushbu qarorlarni imzolagan va qabul qilgan shaxslargina javobgarlikka tortilishi, boshqa mansabdorlarga tegilmasligini ta’kidladi.

To‘rtinchi jinoyat ishi ekologik qoidabuzarliklar uchun «Qumtor Gold Company» rahbariyatiga nisbatan qo‘zg‘atildi.
«Jinoyat ishini qo‘zg‘atish uchun Davlat ekologik-texnik inspeksiyasi va boshqa davlat organlarining Qirg‘iziston ekologik qonunchiligi buzilgani haqidagi ekologik ekspertiza xulosasi asos bo‘lgan. Ushbu qoidabuzarliklar chiqindi tog‘ jinslarini muz poligonlariga joylashtirish va muzliklarni texnologik ravishda yo‘q qilinishida, Norin daryosi havzasida suvning muntazam ravishda ifloslanishida o‘z aksini topgan», — dedi Tashiyev.

Shuningdek, u «Qumtor Gold Company» ofisida tintuv o‘tkazilgani haqida gapirdi. «Mablag‘lar va boshqa materiallar to‘g‘risida ashyoviy dalillarni topdik, ya’ni u yerda hatto moliyaviy manbalar ham bor edi», — dedi u.

U ko‘plab ekspertiza o‘tkazilgani va hozirda ularda ilgari «Qumtor»dan moliyaviy ko‘mak olgan ayrim deputatlarga to‘g‘risida materiallar borligini ta’kidladi, ammo ular haqida hozircha so‘ramaslikni iltimos qildi.

«Qumtor» Kanadaning  Qirg‘izistondagi Centerra Gold Inc. konchilik kompaniyasiga qarashli oltin konidir. Shu bilan birga, «Qirg‘izoltin» davlat kompaniyasi Centerra aksiyalarining 26 foiziga egalik qiladi.

Kaktus.media xabariga ko‘ra, parlament deputatlari «Qumtor Gold Company»ning keyingi faoliyati haqida qaror qabul qildi, unga ko‘ra komissiya muddati uch oyga uzaytirildi.

Parlament Vazirlar mahkamasiga muzliklarning harakatlanish holatini kuzatish va xavfsizligini nazorat qilish tizimini o‘chirib qo‘yib, zonada ishlaydigan odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirgan Centerra Gold Inc.’ning mas’uliyatsiz harakatlari, shuningdek, «Qumtor Gold Company»da ishchilar va aholi xavfsizligi, yerosti boyliklari va atrof-muhitning ifloslanishiga tahdid soladigan usullar bo‘yicha o‘tkazilgan tekshirish natijasida aniqlangan yerosti boyliklaridan foydalanish bilan bog‘liq qoidalarning buzilishi munosabati bilan «Qumtor Gold Company»da ma’lum muddat tashqi boshqaruv joriy qilib, vaqtinchalik menejer tayinlashni buyurdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Qirg‘izistonda «Qumtor» oltin koni bo‘yicha to‘rtta jinoiy ish qo‘zg‘atildi