20:10 / 10.06.2021
2 884

Bayden Britaniyaga tashrifini boshladi va Rossiyani qat'iy ogohlantirdi


Jo Bayden AQSh prezidenti sifatida ilk xorijiy safarini boshladi. U chorshanba kuni Buyuk Britaniyaga keldi, bu yerda u dastlab bosh vazir Boris Jonson bilan muzokaralar olib boradi, keyin «Katta yettilik» davlatlari sammitida ishtirok etadi. 16 iyun kuni Bayden Jyenevada Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuv o‘tkazadi.

Buyuk Britaniyaga kelgach, Bayden Qirollik harbiy-havo kuchlarining Mildenholldagi bazasida amerikalik harbiylar qarshisida chiqish qildi. U o‘z tashrif dasturi haqida gapirdi, shu jumladan, Putin bilan bo‘lajak uchrashuvi haqida ham.
«Bu mening AQSh prezidenti sifatidagi ilk xorijiy tashrifim. Men «Katta yettilik» sammitiga boraman, keyin NATO vazirlari bilan uchrashuvga yo‘l olaman, keyin esa janob Putin bilan uchrashuv o‘tkazaman, unga bilishi kerak bo‘lgan gaplarni aytish uchun. Safarim bosqichlari davomida biz AQSh qaytgani va jahon demokratiyasi kelajagimiz uchun ahamiyatga ega bo‘lgan muhim muammolarni hal qilishga qat'iy qaror qilganini ko‘rsatib qo‘yishimiz kerak», dedi Bayden va uning bu so‘zlari olqishlar bilan kutib olindi. 

Shu tariqa, Bayden o‘z administratsiyasi olib boradigan tashqi siyosat o‘zidan avvalgi prezident, birinchi navbatda AQShning ichki muammolariga, keyin boshqalarga e'tibor qaratishga urg‘u bergan Trampning administratsiyasi siyosatidan jiddiy farqlanishiga ishora qildi. Oq uyning hozirgi rahbari shu vaqtgacha Trampning ko‘plab qarorlarini bekor qildi, jumladan, AQShni Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotiga qaytardi, Iqlim bo‘yicha Parij kelishuviga qo‘shildi hamda migratsiya bo‘yicha ba'zi cheklovlarni bekor qildi. U shuningdek, Vashington Tramp tomonidan bir necha bor qattiq tanqidga uchragan NATO blokiga sodiqligini ma'lum qildi.

Putin bilan uchrashuvda nimalar haqida gaplashiladi?
Prezident Bayden va Putin o‘rtasidagi birinchi uchrashuv 16 iyun kuni Jyenevadagi La Granj villasida bo‘lib o‘tadi. Bu AQSh prezidentining Yevropa bo‘ylab sakkiz kunlik turnesining yakuniy bosqichi bo‘ladi, shunday ekan, Bayden NATO bo‘yicha hamkorlari xavfsizligi sohasidagi barcha muammolarni muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Oq uy Putin bilan muzokaralarda Bayden «e'tibor talab qiladigan barcha masalalar»ni, shu jumladan, qurollanish ustidan nazorat, iqlim o‘zgarishi, Rossiyaning Ukrainadagi harbiy aralashuvi, rossiyalik hakerlar faoliyati va rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyning ta'qibga uchrashi kabi masalalarni muhokama qilishni niyat qilgani haqida ta'kidlagan.

Chorshanba kuni Moskva shahar sudi Navalniyning tuzilmasini ekstremistik deb topgan va uning faoliyatini taqiqlagandi. Endi Navalniyning hududiy shtablari, Korrupsiyaga qarshi kurash fondi (KKF) va Fuqarolar huquqlarini himoya qilish fondiga har qanday ma'lumotni tarqatish, moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirish, shuningdek, saylovlarda qatnashish va aksiyalar tashkil etish taqiqlandi.

Shuningdek, sud KKF va Navalniyning shtablari faoliyatini taqiqlash to‘g‘risidagi qaror zudlik bilan ijro etilishi kerakligini belgilab qo‘ydi.
Bayden Qo‘shma Shtatlarga zarar keltiradigan qandaydir harakatga toqat qilib o‘tirmasligini qayd etgan.
«Biz Rossiya bilan ziddiyat izlamaymiz. Biz barqaror va normal munosabatlar istaymiz. Ammo aniq qilib aytaman: agar rossiyaliklar hukumati zarar keltiruvchi faoliyatni amalga oshirsa, Qo‘shma Shtatlar qat'iy va sezilarli javob qaytaradi», degan Bayden Mildenholldagi chiqishida.

Hozirda Moskva va Vashington munosabatlarida so‘nggi yillardagi eng yomon vaziyat kuzatilmoqda. Aprelda Putin G‘arbni Rossiyaga bosim o‘tkazishga urinishda ayblagan va hamkorlarni qizil chiziqni bosib o‘tmaslikka chaqirgandi.
«Bizning davlatlarimiz aql bovar qilmas darajadagi katta mas'uliyatni zimmasiga olgan, shu jumladan strategik barqarorlik va qurol-yarog‘ nazorati bo‘yicha kelishuvlarga rioya etilishini ta'minlash. Men bunday mas'uliyatga jiddiy yondashaman, ammo hamisha aniq qilib aytamanki, AQSh Rossiyaning zarar keltiruvchi faoliyatiga qat'iy va haqiqiy javob qaytaradi», degan Bayden.

Bayden bilan uchrashuv arafasida Putin bu muzokaralardan katta yutuqlar kutmasligi, ammo konstruktiv aloqalar o‘rnatilishiga umid qilishini bildirdi.
«Men hozir bularni sanamayman, chunki, menimcha, o‘zaro uchrashuvimiz arafasida Rossiya-Amerika munosabatlari barbod bo‘lishiga nimalar xizmat qilganini sanash o‘rinli emas. Ammo qadamlar yetarlicha. Nima, biz AQShga qarshi sanksiyalar kiritganmidik? AQSh bizga qarshi sanksiyalar qo‘llagan va hamon bir sabab topib, sababsiz ham yangi sanksiyalar kiritib yotishibdi. Shunchaki biz borligimiz ular uchun sabab bo‘lib xizmat qiladi. Bunga ko‘nikishga to‘g‘ri keladi. Rossiya hamisha bo‘lgan, bor va bundan keyin ham bo‘ladi, xuddi AQSh kabi dunyoda juda muhim rolni bajaradi», degandi Putin yaqinda Peterburg iqtisodiy forumi vaqtida (iqtibos TASSdan).

«Katta yettilik» sammitida nimalar bo‘lishi kutilmoqda?
«Katta yettilik» tarkibiga dunyoning eng yirik sanoatlashgan davlatlari kiradi: Kanada, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Buyuk Britaniya, AQSh va Yevropa Ittifoqi.

Baydenning Jonson bilan muzokaralari payshanba kuni Kornuollda bo‘lib o‘tadi, bu yerda keyinroq «Katta yettilik» sammiti ochiladi. AQSh prezident Vindzor qasrida qirolicha Yelizaveta II bilan ham uchrashadi. Bu 95 yoshli qirolichaning turmush o‘rtog‘i shahzoda Filipp vafotidan keyingi ilk bor xorijiy davlat rahbari bilan uchrashishi bo‘ladi.

Boshqa yetakchilar Kornuollga juma kuni yetib kelishi kutilmoqda, sammit esa shanba kuni tongda boshlanadi.
Muhokamalarning asosiy mavzusi dunyoni koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan inqirozdan olib chiqish dasturi, shu jumladan, insoniyatni 2020-21 yillardagi voqealar takrorlanishidan himoyalashga qodir bo‘lgan yanada shaffof sog‘liqni saqlash tizimini yaratish bo‘ladi.

Bundan tashqari, «yettilik yetakchilari iqlim o‘zgarishi va xalqaro savdo masalalarini muhokama qilishadi.
Bayden «Breksit»dan keyin Britaniya va Yevropa Ittifoqi o‘rtasida davom etayotgan o‘zaro savdo shartlari bo‘yicha bahs masalasini ko‘tarmoqchi. Xususan, AQSh prezidenti Shimoliy Irlandiyadagi ko‘p yillik qonli ziddiyatga barham bergan 1998 yilgi «Xayrli juma kelishuvi»ga rioya qilishga chaqiradi.
Sammitdan keyin mezbon sifatida Buyuk Britaniya «Katta yettilik» yetakchilarining yakuniy bayonotini e'lon qiladi.

500 mln doza vaksina haqida nimalar ma'lum?
Amerika nashrlari ma'lumotiga ko‘ra, tashrif davomida Oq uy rahbari Pfizer kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan 500 million doza vaksina kambag‘al davlatlar uchun ajratilishi haqida e'lon qilishi kutilmoqda. Ma'lumotlarga ko‘ra, shundan 200 mln doza vaksina joriy yil oxirigacha, qolgan qismi - 2022 yilda yuboriladi.

Shuncha miqdordagi vaksina sotib olingani haqida rasmiy ma'lumot yo‘q, ammo jurnalistlar Baydendan uning global vaksinatsiya dasturi bo‘yicha strategiyasi haqida so‘rashganida, AQSh prezidenti shunday javob qaytargan: «Menda shunday strategiya bor va men bu haqda e'lon qilaman».

Reuters agentligi ma'lumotiga ko‘ra, AQSh hukumati yalpi ichki mahsuloti bo‘yicha ko‘rsatkichlari past bo‘lgan 92 davlatga, shu jumladan, Afrika ittifoqi davlatlariga tekinga vaksina yetkazib berishni rejalashtirgan. Preparatlar Covax xalqaro dasturi orqali tarqatilishi ma'lum qilingan. Avvalroq AQSh Covax uchun 60 mln doza vaksina yuborishni va'da qilgandi.

New York Times nashrining kelishuv shartlari bilan tanish bo‘lgan manbasining xabar qilishicha, AQSh Pfizer vaksinalari uchun imtiyozli narxlarda pul to‘laydi, bunda faqat ishlab chiqish uchun ketgan xarajatlar qoplanadi, foyda olish ko‘zda tutilmagan.

Bayden 500 mln doza vaksina sotib olinishi haqida payshanba kuni rasman e'lon qilishi kutilmoqda, bu vaqtda Amerika prezidenti bilan birga Pfizer bosh direktori Albert Burla ham jamoatchilik oldida chiqish qiladi.

O‘tgan haftada Jonson «Katta yettilik» davlatlarini dunyoni keyingi yil oxiriga qadar Covid-19ga qarshi vaksinalar bilan ta'minlashga chaqirgandi. Ammo Britaniya, xuddi Kanada kabi hozircha vaksinatsiya dasturi uchun qancha miqdordan preparat ajratishga tayyorligini ma'lum qilmagan.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Bayden Britaniyaga tashrifini boshladi va Rossiyani qat'iy ogohlantirdi