22:40 / 11.09.2021
1 342

Hech qachon uzr so‘ramaslik va aytilgan so‘zga e’tiborli bo‘lish!

Hech qachon uzr so‘ramaslik va aytilgan so‘zga e’tiborli bo‘lish!
Foto: Woman’s Day
XIX asrdagi Yevropa xonimlari haqida gap ketganda ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida Jeyn Ostin va opa-singil Brontelarning asarlaridagi qahramonlar keladi. O‘sha davrdagi ayol-qizlar oson hayot kechirgandek tuyiladi, ammo aslida qanday bo‘lgan? Quyida ushbu savolga javob beramiz.

Kiyinish madaniyati
Erta bolalikdanoq qizlarga qoidalarga binoan kiyinish o‘rgatilgan. Bo‘lajak xonimlar tongda to‘q rangli kostyum, tushlikda ko‘ylak kiyishi kechki ovqat vaqtida esa nima kiyishni o‘zi tanlashi lozim. Kechga borib obrazini almashtirmaslikka qaror qilsa, libosiga hech bo‘lmaganda bitta yangi detal, masalan marjon yoki to‘g‘nag‘ich qo‘shgan.

Har bir tadbir va vaziyat uchun nozik jins vakillarining garderobida alohida — sayrga boshqa, marosimlarga boshqa kiyim bo‘lishi kerak. Liboslarda pushtini sariq, qizilni yashil bilan moslash qat’iyan taqiqlangan. Bunday kiyinish didsizlikdan darak bergan. Bolaligidanoq qizlarning taqinchoq taqishi yoki ko‘ylagini gullar bilan bezashi shart. Qolaversa tanlov borasida gavda tuzilishini ham inobatga olish muhim sanalgan. Masalan to‘ladan kelgan qizlar olachipor liboslar kiymagan.

To‘g‘ri ovqatlanish
Korset kiygan do‘mboq qizlar pudding tayyorlanadigan qopcha bilan taqqoslangan. Ammo shu bilan birga oriqlik ham urfda bo‘lmagan. Ortiqcha to‘la bo‘lmaslik, shuningdek, qomat o‘z shaklini yo‘qotmasligi uchun to‘g‘ri ovqatlanish muhim sanalgan. Qizlar qaymoqdan, yangi non va shakardan tiyilgan. Hozirgidan farqli ravishda kamroq suv ichish kerak, yo‘qsa bu to‘lishish va shishlarga olib keladi deb hisoblangan. Taom ajratilgan porsiyadan kam miqdorda iste’mol qilingan.

Foto: Woman’s Day
Hammasi tartib asosida
Qizlarning kun tartibi yetarlicha passiv tuzilgan. Kechki uyqu 10 soatdan kam bo‘lmasligi kerak. Kunduzi kuch talab qilmaydigan mashg‘ulotlar — kashta tikish, surat chizish bilan shug‘ullanilgan.

Oro berish
Qizlarga bolaligidanoq teri haqida qayg‘urish, husnbuzar va dog‘lar bo‘lmasligi kerakligi tushuntirilgan. Go‘zallikning turli retseptlariga amal qilingan, ularning ayrimlari bugungi kunda kulgiga sabab bo‘lishi mumkin. Masalan, Vladimir Odoyevskiy o‘z romanida kechasi yuziga xom kotlet qo‘yib yotadigan qahramon haqida hikoya qiladi. Gap shundaki, o‘sha vaqtda qizlar yuzlari sog‘lom va tiniq ko‘rinishi uchun xom go‘shtdan malham tayyorlagan. Arpa yormasidan qaynatilgan suvdan yuvinish uchun foydalanilgan, qo‘llarga esa bodringli tuzlama surtilgan.

O‘ziga xos nutq
Qizlar har bir gapini o‘ylab gapirishi joiz sanalgan. Haqiqiy xonimlarning bir qancha so‘zlarni tilga olishi taqiqlangan. Nafaqat so‘zlar, balki ohangga ham e’tiborli bo‘lish muhim hisoblangan.

O‘zini tutish
Haqiqiy xonimlar zaruriyat bo‘lganda hushdan ketishni eplashi, to‘g‘rirog‘i o‘zini shunday ko‘rsata olishi lozim. Bu XIX asrdagi tarbiyaga xos qoida sanalgan. Shuningdek, qizlar mehmonga borganda nimadir sindirsa yoki rasvo qilsa uzr so‘ramagan. Uy bekasi bunga e’tibor bermasligi, qilg‘ilikni qilgan esa o‘zini hech nima bo‘lmagandek tutishi kerak bo‘lgan.

Foto: Woman’s Day
Qoidalarga binoan sayr
Ko‘chaga kuzatuvchisiz chiqish taqiqlangan. Yoshi keksa xonim, erkak yoki oilaning boshqa a’zosi qizning yonida yurgan. Bu vaqtda qadamlar sekin bosilishi, shoshilmaslik va qo‘lda soyabon bo‘lishi muhim sanalgan. Yog‘ingarchilik vaqti sayr bekor qilingan, yo‘lda katta ko‘lmak bo‘lgan taqdirda ham nozik jins vakillariga yubka etagini ko‘tarish man qilingan.

Mashinada cho‘milish
Bo‘lajak xonimlar dengizda, daryo yoki boshqa havzada bemalol cho‘mila olmagan. Qiz suvga sho‘ng‘ishga qaror qilgan bo‘lsa, sohilga u bilan birga ikki tomonida eshigi bor, yog‘ochdan ishlangan maxsus mashina keltirilgan. Qiz bir eshikdan kirib kiyimini almashtirgan va qarollar (xizmatkorlar) uni suvga tushirishini kutgan. Atrofdagilar ko‘rmasligi uchun qiz suvga ikkinchi eshik orqali tushishgan. Quruqlikka chiqish ham xuddi shu singari takrorlangan.

Homiladorlik
Homilador bo‘lgan ayol buni atrofdagilarga ko‘z-ko‘z qilmasligi kerak. Qorin chiqishni boshlashiga qaramay, korset kiyish kanda qilinmagan. Sezila boshlaganida esa qolganlarga uyda yolg‘iz qolishni istayotganini aytishi va ko‘zi yorimagunicha ko‘chaga chiqmasligi kerak. Bola dunyoga kelganidan keyin ona 9 kun davomida osmonga qarab yotishi 10-kunga kelibgina o‘tirishi mumkin bo‘lgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Fikrlar (0)


Yangiliklar » Dunyo » Hech qachon uzr so‘ramaslik va aytilgan so‘zga e’tiborli bo‘lish!
[/banner_pushhouse