19:57 / 04.02.2022
1 118

«Novaya gazeta» sharhlovchisi Yelena Milashina Qodirovning tahdidlaridan keyin Rossiyani vaqtincha tark etdi

«Novaya gazeta» sharhlovchisi Yelena Milashina Qodirovning tahdidlaridan keyin Rossiyani vaqtincha tark etdi
Yelena Milashina
Foto: «Novaya gazeta»

«Novaya gazeta» jurnalisti Yelena Milashina «Dojd» telekanali efirida Checheniston rahbariyatining «qayta-qayta» tahdidlaridan so‘ng, Rossiyani bir muddat tark etishini aytdi.

«Buni bosh muharririm ham, lavozimi baland manbalarim ham ta’kidlab, hozir shaxsiy xavfsizligimga tahdid yuqori ekanini aytishmoqda. Shuning uchun, aslida bunday narsalarni yoqtirmasam ham ularga quloq solyapman», — dedi Milashina.

Jurnalistning aytishicha, u Checheniston rahbari Ramzan Qodirov va Rossiya Davlat dumasiga Chechenistondan saylangan deputat Adam Delimxonov tomonidan qilingan tahdidlarni haqiqiy ma’noda qabul qiladi. «Bu shunchaki g‘azab va his-tuyg‘ular bilan to‘lib-toshgan oddiy so‘zlar emas. Bu haqiqiy tahdid. Buni boricha qabul qilish kerak. Janob Delimxonov juda xavfli odam. O‘zi kim ko‘proq xavfli ekanini ham bilmayman — Ramzan Qodirovmi yoki Delimxonov, shuning uchun bu o‘ta jiddiy vaziyat», — dedi Milashina.

«Novaya gazeta» bosh muharriri Dmitriy Muratov «RBK»ga gazeta muxbirlarining xavfsizligi masalasiga izoh bermasligini aytdi. «Yelena bizning protokollarimizga amal qiladi. Uning qayerda bo‘lishi Chechenistondagi inson huquqlari mavzusini yoritishga hech qanday tarzda ta’sir qilmaydi», — dedi u.

23 yanvar kuni Ramzan Qodirov «Novaya gazeta» jurnalisti Yelena Milashina va huquq himoyachisi Igor Kalyapinni «terrorchilar» va «terrorchilarning sheriklari» deb atagan hamda huquq-tartibot idoralarini ularni hibsga olishga chaqirgan edi. 1 fevral kuni Qodirov «Dojd» va «Novaya gazeta» gazetalariga qarshi ish qo‘zg‘atishga chaqirdi, shuningdek, ularni «terrorchilar» va «terrorchilarning sheriklari» deb atadi.

Checheniston rahbari Checheniston Oliy sudi sobiq sudyasi Saydi Yangulbayevning oilasi ta’qib qilinishi fonida ham xuddi shunday bayonotlar bilan chiqdi. Yanvar oyida Checheniston xavfsizlik kuchlari sudyaning rafiqasi Zarema Musayevani Nijniy Novgoroddan Grozniyga majburan olib ketishgan, u yerda politsiyachiga hujum qilgani uchun unga qarshi jinoiy ish ochilgan. Voqeadan keyin Saydi Yangulbayev qizi bilan Rossiyani tark etgan; uning o‘g‘illari ham chet elda. Qodirov ularni Rossiyaga ekstraditsiya qilishni talab qilmoqda.

1 fevral kuni Davlat dumasi deputati Adam Delimxonov sudya Saydi Yangulbayev oilasi bilan «adovat va xunli qasosi» borligini aytdi. «Bilingki, boshingizni kesib, o‘ldirmagunimizcha jonimizni, molimizni, bola-chaqamizni ham ayamay tun-u kun ortingizdan qolmaymiz», — degan deputat.

2 fevral kuni Grozniyda rejalashtirilmagan miting bo‘lib o‘tdi, unda Checheniston aholisi Yangulbayevlar oilasini javobgarlikka tortishni talab qildi. Chechen OAVlarining yozishicha, mitingga 400 mingga yaqin odam yoki respublika erkaklarining 50 foizi yig‘ilgan.

Keyinroq Ramzan Qodirov miting ishtirokchilariga minnatdorlik bildirdi.Qodirovning ta’kidlashicha, Checheniston Respublikasi juda ko‘p jabr ko‘rgan, biroq chechen jamiyatini parchalashga uringanlarning hammasi «bir xil taqdirga duchor bo‘lgan». U Chechenistonning «tinchligi, dini, sha’ni va totuvligiga tajovuz qilayotganlarni» ham xuddi shunday taqdir kutayotganini aytdi. Qodirov qanday taqdir haqida gap ketayotganiga aniqlik kiritmadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » «Novaya gazeta» sharhlovchisi Yelena Milashina Qodirovning tahdidlaridan keyin Rossiyani vaqtincha tark etdi