Ijtimoiy tarmoqlarda rossiyalik propagandachi Vladimir Solovyovning Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko bilan intervyusi keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Sababi Lukashenko yana O‘zbekiston haqida gapirgan.
Suhbat davomida 10-15 yildan keyin Markaziy Osiyo davlatlari taqdiri nima bo‘lishi muhokama qilingan.
Solovyov quyidagi gapni aytadi: «o‘ylashimcha, kelgusida 350-450 mln odamdan iborat birlashgan davlat tuzishimiz kerak». Bu sobiq ittifoq mamlakatlarini yana birlashtirishga ishora edi.
Lukashenko bu fikrni qo‘llab-quvvatlaydi va: «qozoqlarga yaqindagi voqealar dars bo‘ldi, ular ham qo‘shiladi, 15 yillar ichida Ukrainaning ham qo‘shilmasdan iloji qolmaydi. Armaniston ham hech kimga kerak emasligini tushundi, aniq bizga qo‘shiladi, Ozarbayjon sal so‘roq ostida, chunki uni Turkiya qo‘llab-quvvatlayapti. O‘zbekiston, Tojikiston va Turkmanistonning ham qo‘shilmasdan boshqa iloji qolmaydi», deydi Lukashenko.
Suhbat davomida yagona armiya, yagona pul birligi va yagona mudofaa chegarasi haqida ham «valaqlashilgan». «Biz bunga majburmiz, chunki g‘arb bizga umumiy dushman ekanligini ko‘rib turibmizku», xulosa chiqaradi ular.
Bu fikrlarga tarmoq faollari keskin munosabat bildirishdi.
«Rossiya va Belarus shaxsiy junni aralashtirib yubormayaptimi, mabodo?.. Bular navbatdagi axborot hujumini uyushtirishibdi. Maqsad ochiq-oydin ko‘rinib turibdi. Bir amallab eski imperiyani tiklab olish va hammani yagona davlatga birlashtirish.
Avval aytganimdek, ilgari bunga yashirin da’vatlar qilingan bo‘lsa, endi surbetlarcha ochiq targ‘ibot va ba’zi joylarida tahdidga o‘tishmoqda.
Ular tushunmayaptiki, O‘zbekistonning o‘z tanlagan yo‘li va prinsiplari bor. O‘zbekiston u xoh sharq bo‘lsin, xoh g‘arb bo‘lsin, boshqa davlatlar bilan teng sheriklikdagi o‘zaro manfaatlar yuzasidan hamkorlik qiladi. Xudo xohlasa, doim shunday bo‘lib qoladi.
Rossiya va Belarus esa o‘zining AQSH hamda Yevropa bilan bog‘liq muammolari, sanksiyalarini o‘zi hal qilsin. Bizni bunga aralashtirmasin. Va bizning taqdirimizni biz uchun hal qilishni ham yig‘itirishgani ma’qul. O‘zbekiston taqdirini o‘zbek xalqi hal qiladi», deya munosabat bildirdi bloger Xushnud Xudoyberdiyev.
«Qachongacha "batka" Mustaqilligimizni tahqirlovchi, kamsituvchi, bizning davlatchiligimizga tahdid bo‘lgan bu kabi so‘zlarini aytaveradi va biz jim o‘tiraveramiz?», deb yozadi bloger Shahnoza Soatova.
«Lukashenko g‘irt ahmoq. Lekin Solovyov Kremlni ovozi, faqat «fas» deyilgan pozitsiyani gapiradi. Ruslar bilan siyosatda shaxmat o‘ynashga majbur bo‘lsakda (iqtisodiy jihatdan ming afsus ularga bog‘liq joylarimiz ko‘p), mot qilishlariga qo‘ymasligimiz kerak...
Ruslarni o‘zida hozir barqarorlik yo‘q, yaqin 10 yil davomida ularni ko‘proq o‘z ichki muammolari va G‘arbni qarshiligi band qilib qo‘yadi, ustiga ustak, o‘z tarkibiga biz yoki Qozog‘istonni qo‘shmoqchi bo‘lsa, hazm qilolmay o‘zi ham bo‘linib ketishi mumkin...
Tegishli xulosa qilgan holda, o‘ylaymanki, o‘z manfaatimiz bor yo‘nalishda ruslar bilan hamkorlikni kuchaytirib boraverish kerak. Rossiya — bu biz egallash kerak bo‘lgan bozor, shu jumladan, katta mehnat bozori, ularga nisbatan sanksiyalar ko‘paygani sari biz uchun imkoniyat ochilaveradi. Resurslarimizni berib qo‘yishdan ehtiyot bo‘lsak bas. Mehnat bozoriga esa qora ishchilarni emas, ko‘proq malakali mutaxassislarni tayyorlash va jo‘natish tizimini shakllantirmasak bo‘lmaydi» — deya qayd etdi Bahodir G‘aniyev.
Eslatib o‘tamiz, Belarus rahbari Aleksandr Lukashenko avvalroq Qozog‘istonda notinchlikni keltirib chiqargan tashqi kuchlarning nazari O‘zbekistonga ham qaratilgani haqida gapirib: «Qozog‘istondagi voqealar saboq bo‘lishi kerak deganimiz, kechirasiz-u, hammadan ham avval O‘zbekistonga taalluqli. Agar saboq olinmas ekan, bizdagi ma’lumotlarga qaraganda, ularning nigohi O‘zbekistonga ham qaratilgan», degandi.
Lukashenkoning bu chiqishi O‘zbekistonni KXSHT tarkibiga kiritish harakatining tahdidli ko‘rinishi sifatida baholangandi.
Bunga Shavkat Mirziyoyev javob qaytarib, buni asossiz bayonot deb baholagandi. «Har qanday tahdidga nisbatan munosib javob qaytarish va zarba berish uchun biz yetarli kuch va salohiyatga egamiz», — degandi davlatimiz rahbari. “Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Britaniya muzeyi mamlakat tarixidagi eng qimmat sovg‘aga ega bo‘ladi